Iyul oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Toshkent hamda uning atrofidagi ayrim hududlarda faoliyat yuritayotgan issiqxonalar uchun yer va mol-mulk soliqlarini 10 baravar oshirishni taklif qilgandi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, ko‘mir bilan ishlovchi issiqxonalarga amaldagi soliq imtiyozlari ham bekor qilinadi. Hukumat bu orqali issiqxonalarning ekologiyaga salbiy ta’sirini kamaytirish va ularni ekologik xavfsiz hamda energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tishga rag‘batlantirishni maqsad qilgan.

O‘zgarishlar Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida joylashgan issiqxonalarga ta’sir qilishi mumkin.

Hozirga kelib loyiha bo‘yicha muhokamalar yakunlangan. 16 kun davom etgan jamoatchilik muhokamasida qonun loyihasi yuzasidan 151 ta fikr-mulohazalar bildirilgan bo‘lib, ularning asosiy qismi qarshi fikrlardan iborat. Xususan, foydalanuvchilar soliqning keskin oshishi oziq-ovqat narxlari qimmatlashishi, bandlik va tadbirkorlikka salbiy ta’sir qilishidan xavotirda. Ayrim foydalanuvchilar bu tartibga bosqichma-bosqich o‘tish va 3−5 yillik o‘tish davrini joriy etishni, muqobil ekologik yechimlardan foydalanishni taklif qiladi.

Spot ushbu takliflarning soha, narx-navolar, ekologiya va tadbirkorlarga ta’siri yuzasidan issiqxonachilar bilan suhbatlashdi.


Soliqning 10 baravar oshirilishi nimani anglatadi?

Issiqxonachi Xurshid Axmedovning fikricha, yer va mol-mulk soliqlarini 10 baravar oshirish ekologik muammoni hal qilmaydi. Birinchi navbatda muammo nimada va uni qanday hal qilish kerak, degan savolga javob topish lozim. Uning qayd etishicha, ekologik muammoni soliq stavkalarini keskin oshirish orqali hal qilish mumkin, degan yondashuv noto‘g‘ri.

“Agar maqsad Toshkentdagi issiqxonalarni Surxon-Agro loyihasiga ko‘chirish bo‘lsa, bu tadbirkorlarni majburlash orqali amalga oshirilmasligi kerak. Bunday qaror nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va siyosiy jihatdan ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Soliq davlat qo‘lidagi majburlash vositasiga aylanmasligi kerak. O‘zbekistonga endi kelgan investorga buni qilasan, yo‘qsa 10 baravar soliq to‘laysan, deb ko‘raylik-chi, nima qilarkin?”, — dedi u.

Bu taklif, Axmedovga ko‘ra, amalda issiqxona xo‘jaliklarining yopilishiga, O‘zbekiston issiqxona maktabining tugatilishiga va “Toshkent pomidori” brendining yo‘qolishiga olib keladi. Kamida 50 mingga yaqin xodim ishsiz qolishi mumkin. Natijada bozorda narxlar barqarorligi buziladi va mamlakat import mahsulotlariga qaram bo‘lib qoladi.

Yana bir issiqxonachi Komil Sodiqov ham bu taklifni qo‘llab-quvvatlamaydi. Uning fikricha, soliqlarni keskin oshirish mamlakatning investitsiyalarni jalb qilish siyosatiga zid.

issiqxona, soliqlar, tadbirkorlik

Shu bilan birga, Sodiqov mahalliy ishlab chiqaruvchilar qo‘shni davlatlardagi issiqxonalar bilan teng sharoitda raqobatlasha olmayotganini qayd etdi: Turkmanistonda issiqxonalar uchun gaz arzon narxlarda beriladi, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda esa ko‘mir narxi bir tonnasi o‘rtacha $25 ni tashkil etadi, O‘zbekistonga xuddi shu hajmdagi ko‘mir $115 dan kirib keladi.

Ekologik muammoning yechimi nimada?

Issiqxonachilarning fikricha, ekologik muammolarni soliqlarni keskin oshirish orqali hal etish samarali yechim emas. Ularning ta’kidlashicha, bunday yondashuv nafaqat tadbirkorlarning davlatga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki ekologik vaziyatni ham sezilarli yaxshilamaydi.

Xurshid Axmedov muqobil yechim sifatida ikkita yo‘nalishda ishlashni taklif qildi. Birinchisi — to‘liq “yashil” energiya manbalariga o‘tish. Biroq hatto texnologik rivojlangan davlatlar ham bunga yeta olgani yo‘q. Chunki bunday texnologiyalar juda qimmat bo‘lib, natijada tannarx sezilarli darajada oshib ketishi mumkin.

Ikkinchi yo‘nalish — mavjud texnologiyalarni chuqur modernizatsiya qilish, jumladan, zamonaviy to‘rt bosqichli filtrlash tizimlarini joriy etishdir. Ushbu yondashuv nisbatan kam xarajat talab qiladi, ishlab chiqarish samaradorligi tushib ketmaydi hamda bozorda mahsulotlar barqarorligi saqlanib qoladi.

Komil Sodiqov ham asosiy e’tibor filtrlash texnologiyalariga qaratilishi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, Toshkentda ko‘plab sanoat korxonalari faoliyat yuritayotgan bir paytda, yiliga atigi 100 kun ko‘mir yoqadigan issiqxonalarga nisbatan soliq yukini oshirish muammoning yechimi bo‘la olmaydi.

Issiqxonachi rivojlangan davlatlar ham ko‘mir yoqib, ekologik filtrlar qo‘llayotganini, o‘z issiqxonasida esa to‘rt bosqichli ekologik filtrlarni ishlab chiqib o‘rnatganini bildirdi. Uning aytishicha, bunday qurilmalar Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ijobiy baholangan, biroq zarur normativ-huquqiy talablar hanuz ishlab chiqilmagan. Idora esa chiqindilarni 99,5% tozalash talabini qo‘ymoqda. Ammo bu ko‘rsatkich qaysi xalqaro standartga asoslangani tushuntirilmayapti.

“Biz o‘rgangan xalqaro me’yorlarda bu daraja ancha past, asosan, 70% atrofida. Biz yaratgan filtr havoni 92,5% gacha tozalaydi. Agar davlat normativlarni ishlab chiqib, shu asosda filtrlarimizga sertifikat bersa, bunday uskunalarni nafaqat mahalliy issiqxonalarga, balki qo‘shni davlatlarga ham eksport qilishimiz mumkin bo‘ladi”, — dedi Sodiqov.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan elektr energiyasida ishlovchi issiqxonalar yangi soliq tartibidan ozod etilishi mumkin. Ammo tadbirkorlar bu yechimni ham amaliy jihatdan murakkab deb hisoblaydi.

Xurshid Axmedovning fikricha, bugungi elektr taqchilligi sharoitida minglab issiqxonalarni elektr isitish tizimiga o‘tkazish tarmoqqa katta yuklama beradi. Bundan tashqari, elektr bilan isitish mahsulot tannarxining sezilarli darajada oshib ketishiga olib keladi.

issiqxona, soliqlar, tadbirkorlik

Narxlarga ta’siri qanday bo‘ladi?

Komil Sodiqovning fikricha, agar soliqlar oshirilib, qishda mahalliy issiqxona mahsulotlari o‘rnini import egallasa, bu bir qator salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Xususan, bu valyutaning mamlakatdan chiqib ketishiga sabab bo‘ladi, import qilinayotgan mahsulotlarning sifati va xavfsizligi yuzasidan nazorat masalalarini keltirib chiqaradi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport bozorlaridagi raqobatbardoshligini pasaytirishi mumkin.

Shuningdek, u ichki bozorda narxlarning keskin oshishi, issiqxona xo‘jaliklari bilan bog‘liq minglab ish o‘rinlarining qisqarishi ehtimoli mavjudligini ta’kidladi.

Xurshid Axmedov ham mazkur o‘zgarishlarning narx-navoga salbiy ta’sirini kutmoqda. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, narxlar 20% ga oshishi mumkin, biroq, issiqxonachining fikricha, amalda o‘sish 100% gacha yetishi ehtimoli bor. Chunki ayni ishlab turgan issiqxonalar zarba oladi.

“Yana bir katta muammo — chet el iqtisodiy intervensiyasiga duch kelishimiz. Qachonlardir dunyoni o‘zining mazali mahsulotlari bilan lol qoldirgan davlat endilikda chet el importiga qaram bo‘lib qoladi”, — dedi u.

Issiqxonalarni ko‘chirish yechim bo‘la oladimi?

Issiqxonalar uchun 10 baravar soliq qo‘llash taklifi joriy yilning aprel oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan belgilangan. Bundan tashqari, ushbu hujjat issiqxonalarni Surxon-Agro EIZga ko‘chirish uchun bir qator rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlarni nazarda tutadi. Biroq, issiqxonachilar bu bilan masala hal bo‘lmasligini ta’kidlamoqda.

Komil Sodiqovning fikricha, hukumat qish mavsumi Surxondaryoda qisqaroq bo‘lishini ta’kidlamoqda. Bu to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, Surxondaryoda sovuq kunlar 100 kun emas, 80 kun davom etadi. Biroq buning evaziga 260 kun jazirama issiq kuzatiladi. Issiqxona haroratini me’yorda ushlab turadigan elektrda ishlovchi sovitish uskunalari Toshkentda 100 kun ishlasa, Surxondaryoda 260 kun ishlaydi. Issiqxonachiga ko‘ra, buning natijasida elektr energiyasi 160 kun ko‘proq sarflanadi va bu xarajat dehqon zimmasiga tushadi. Oqibatda bu tannarx oshishiga olib keladi, tannarx oshgach esa, mahsulot narxi ham ko‘tariladi.

“Toshkentdagi odamlar odam, Surxondaryodagilar esa odam emasmi? Nega Surxondaryoda ko‘mir yoqib ishlatish mumkin, degan savolga Ekologiya qo‘mitasi hanuzgacha javob bermayapti. Hokimiyat Surxondaryoda filtr o‘rnatiladi, dedi. Unda nega ayni shu filtrni Toshkentdagi issiqxonalar ham o‘rnatib, faoliyatini davom ettira olmaydi? Ko‘chirishning o‘zi mantiqqa zid. Toshkentdan Surxondaryoga borib kim ishlaydi? U yerda infratuzilma ham, zarur sharoit ham yo‘q”, — dedi Sodiqov.

Bundan tashqari, u Surxondaryoda suv ham yetarli emasligini, issiqxonani masofadan turib boshqarib bo‘lmasligini aytdi. “Shu sababli ko‘chish foyda emas, 100% zarar”, — dedi.

Xurshid Axmedov ham issiqxonani boshqa hududga ko‘chirishni faqat inshootni ko‘chirish sifatida baholab bo‘lmasligini qayd etdi. Chunki biznesni ko‘chirish bilan issiqxonani, ya’ni texnologik majmuani ko‘chirish boshqa-boshqa masala.

“Bu ikkisi bir-biri bilan bevosita bog‘liq. Issiqxonaning o‘zini ko‘chirgan bilan ish bitmaydi. Bu yerda ko‘chatchilik, o‘g‘itlar, minerallar, logistika, qadoqlash, eksport bozorlari va ishchi xodimlar kabi omillar ham bor. Bu o‘zaro uzviy bog‘langan tizim bo‘lib, uni amalga oshirishning deyarli iloji yo‘q”, — dedi issiqxonachi.