Rossiyaning Wildberries marketpleysi Rossiyadagi logistika infratuzilmasiga uyushtirilgan dron hujumlaridan so‘ng uzoq muddat saqlanadigan tovarlarning bir qismini O‘zbekiston, Belarus va Qozog‘istondagi omborlarga joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Moscow Times kompaniyaning sotuvchilar bilan uchrashuvlarida qatnashgan manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, uzoq muddat saqlanadigan tovarlarni Rossiyadan tashqaridagi omborlarda saqlash rejalashtirilgan. Manbalar ta’kidlashicha, tovarlarning bir qismi allaqachon xorijdagi omborlarga yo‘naltirila boshlangan.
Tadbirkorlar bu yetkazib berish muddati va xarajatlari oshishi, shuningdek, tovarlarni chegaralar orqali tashishda qo‘shimcha qiyinchiliklar yuzaga kelishidan xavotirda.
Wildberries & Russ Kommersant’ga bergan izohida kompaniya boshqa mamlakatlarda logistika infratuzilmasini rejali ravishda rivojlantirayotganini, hozirda esa asosiy e’tibor hamkorlar faoliyati barqarorligini ta’minlash uchun tovarlarni turli omborlar o‘rtasida qayta taqsimlashga qaratilganini bildirdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Wildberries Qozog‘istonda qariyb 46 ming kvadrat metr ombor maydonini ijaraga olgan va 2027-yil boshida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan yana 260 ming kvadrat metrlik ombor qurishni rejalashtirmoqda.
Iyun oyida Wildberries & Russ bosh direktori Robert Mirzoyan O‘zbekistonda Markaziy Osiyo logistika xabi tashkil etilishini ma’lum qilgandi. U Toshkent viloyatidagi 170 ming kvadrat metrlik ombor majmuasi va Wildberries saralash markazini kompaniyaning boshqa mamlakatlardagi infratuzilmasi bilan bog‘laydi.
Kompaniya ushbu loyihaga $300 mlndan ortiq investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Xab “Rossiya — O‘zbekiston — Yaqin Sharq” va “Xitoy — O‘zbekiston — Afrika” logistika yo‘nalishlarining bir qismiga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Kommersant keltirgan Data Insight tahliliga ko‘ra, dron hujumlari oqibatida Wildberries logistika infratuzilmasining 20%igacha yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Ekspertlar xalqaro kengayish hujumlardan oldin boshlanganini, biroq hozirgi vaziyat logistika operatsiyalarining bir qismini Rossiyadan tashqariga ko‘chirishni tezlashtirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
RBC ma’lumotiga ko‘ra, 18-iyuldan buyon Wildberries logistika obyektlariga dron hujumlari davom etmoqda. Shu vaqt ichida Tambov, Moskva, Krasnodar, Leningrad, Tver, Samara, Vladimir, Volgograd viloyatlari, Stavropol o‘lkasi, Udmurtiya, Qrim va Sankt-Peterburgdagi omborlar hamda saralash markazlari hujumga uchragan.
Ayrim obyektlarda yirik yong‘inlar yuzaga kelgan, ayrim omborlar esa faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Hujumlar oqibatida kompaniya xodimlari halok bo‘lgan va jarohat olgan, sotuvchilarning tovarlariga ham zarar yetgan.
Kecha Tula viloyatidagi Wildberries logistika obyektida dron hujumi oqibatida yong‘in kelib chiqqan va uni faqat bir necha soatdan keyin o‘chirishga muvaffaq bo‘lingan. Bugun esa Tver viloyatidagi Wildberries ombori tungi dron hujumi oqibatida shikastlangan.
Avvalroq Spot Wildberries 7-iyuldan komissiyalarni oshirishi, ammo bu O‘zbekistondagi sotuvchilarga ta’sir qilmasligi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, ompaniya bunga yoqilg‘i narxining keskin oshgani va logistika xarajatlari ko‘payganini sabab qilib ko‘rsatmoqda.