O‘zbekistonda o‘rta muddatli istiqbolda daromad solig‘ini progressiv shkalaga o‘tkazish taklif qilindi.
Tashabbuskor — Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar institutiga ko‘ra, aholi daromadlari oshayotgani va iqtisodiyotdagi boshqa o‘zgarishlardan kelib chiqib, bu tashabbus soliqqa tortishning “adolatlilik tamoyiliga” mos keladi.
Hozirda mamlakatda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 2019-yilgi soliq islohoti davomida joriy etilgan yagona 12% lik stavka bo‘yicha undiriladi.
O‘zbekistonda JSHDSning progressiv shkalasiga qaytish masalasi so‘nggi yillarda bir necha bor muhokama markaziga chiqqan. 2024-yilda Soliq qo‘mitasi vakili bunday tizimga o‘tish ehtimoli haqida fikr bildirgan bo‘lsa, keyinchalik qo‘mita bu shaxsiy qarash ekanini va mazkur masala idora rejasiga kiritilmaganini ma’lum qilgan edi.
Shu bilan birga, 2025-yilda Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonga progressiv daromad solig‘ini joriy etishni tavsiya qildi. Endilikda esa ushbu g‘oya Fiskal tahlillar instituti tomonidan taklif sifatida yana kun tartibiga olib chiqildi.
Tashabbus bir qator savollarni ham yuzaga keltiradi: u budjet tushumlari va aholi daromadlariga qanday ta’sir qiladi, yashirin bandlikning oshishiga sabab bo‘ladimi hamda asosiy soliq yuki o‘rta tabaqa zimmasiga tushib qolmaydimi — Spot bu o‘zgarishlarning qanchalik asosli ekani va u qanday xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida iqtisodchi hamda soliq maslahatchisining fikrini o‘rgandi.

iqtisodchi.
Iqtisodiyot — o‘ta murakkab aloqalar va munosabatlar tizimi. Bu rivojlanayotgan, o‘zgarayotgan, evolyutsiya qilayotgan tirik organizmdir. Soliq tizimi esa ana shu tirik organizmning bir qismi, alohida soliq esa soliq tizimining bir qismidir.
Shuning uchun biz biron-bir alohida soliq to‘g‘risida gapirganimizda, uning butun soliq tizimi bilan, boshqa soliqlar bilan aloqasini, iqtisodiy faoliyatning u yoki bu jihatlariga qanday ta’sir ko‘rsatishini ham albatta hisobga olishimiz kerak.
Biz ish haqi fondiga solinadigan soliq haqida gapiryapmiz. Ish haqi fondiga solinadigan soliqlardan biri bo‘lgan daromad solig‘i ham ijtimoiy soliqdir. Bir soliq to‘g‘risida boshqa soliq bilan o‘zaro aloqasini ko‘rib chiqmasdan turib gapirish mumkin emas, chunki soliqqa tortish obyekti bir xil.
Progressiv soliq shkalasiga o‘tish g‘oyasining o‘zida g‘ayrioddiy yoki noto‘g‘ri narsa yo‘q. Ko‘plab mamlakatlarda jismoniy shaxslar daromad solig‘i aynan progressiv shkala asosida undiriladi. Biroq bunda qaysi iqtisodiyot haqida gap ketayotganini hisobga olish kerak. Rivojlangan iqtisodiyotlar, masalan, G‘arbiy Yevropa iqtisodiyoti boshqa masala. U yerda odamlar allaqachon yuqori soliq to‘lashga o‘rganib qolgan, daromadlar esa ko‘proq to‘lashga imkon beradi.
Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar, masalan, O‘zbekiston iqtisodiyoti boshqa masala. Bunday mamlakatlarda oddiyroq tizim sifatida yassi shkala afzal ko‘riladi, bu yerda chetga chiqish uchun rag‘bat kamroq bo‘ladi. Bu mutlaqo boshqa-boshqa ikki kontekst va bu soliqqa tortish tizimiga ham juda katta ta’sir ko‘rsatadi.
Biz progressiv shkaladan yassi shkalaga faqat 2019-yilda o‘tganimizni va iqtisodiyotimiz, yumshoq qilib aytganda, hali rivojlangan iqtisodiyot emasligini hisobga olsak, bunday chorani hozircha erta deb hisoblayman.
2019-yildagi soliq islohoti haqiqatan ham tub islohot bo‘lgan. U allaqachon zarur edi va usiz iqtisodiy rivojlanish uchun deyarli imkon qolmagan edi. Islohotgacha O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida shakllangan, dunyoda deyarli o‘xshashi bo‘lmagan soliq tizimi mavjud edi. Bu tizim iqtisodiy rivojlanishga imkon qoldirmaydigan “hamma narsani yutib yuboradigan mahluq"ga aylangan edi.
Umumiy va soddalashtirilgan soliq rejimlari o‘rtasida juda katta tafovut mavjud bo‘lib, bu biznesning o‘sishiga to‘sqinlik qilardi. Uzoq ishlab chiqarish zanjirlari va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni yaratishga to‘sqinlik qiluvchi aylanma soliqlarning roli yuqori edi.
Mehnatga esa uchta alohida soliq solinar, ularning umumiy yuki juda yuqori edi. Bu holat iqtisodiyotda ish o‘rinlari yetishmayotgan, ishsizlik yuqori bo‘lgan va ko‘plab fuqarolar xorijga ishlash uchun ketayotgan bir davrga to‘g‘ri kelgan. Bu mutlaqo mantiqsiz holat edi.
2019-yilgi islohot natijasida ushbu muammolarning aksariyati qisman yoki to‘liq bartaraf etildi. Mehnatga soliq solish tizimida sug‘urta jamg‘armalariga to‘lanadigan ajratmalar bekor qilindi. Natijada faqat ikkita soliq — 12% lik ijtimoiy va 12% lik daromad soliqlari qoldi. Har ikkisi ham tekis shkala asosida belgilandi.
Bu oldinga tashlangan ulkan qadam bo‘ldi, chunki avvalgi progressiv shkala ham mantiqsiz edi: odatda, eng yuqori stavka bo‘yicha millionerlarning daromadiga soliq solinsa, bizda oyiga $100 dan sal ko‘proq topadiganlar ham shu stavkada soliq to‘lardi. Stavka pasaytirilishiga qaramay, daromad solig‘i bo‘yicha to‘lovlar, adashmasam, birinchi yilning o‘zidayoq ikki baravar oshdi — ish haqi fondi legallashdi, ya’ni bandlik qonuniylashtirildi. Odamlar o‘z faoliyatini ochiq ro‘yxatdan o‘tkaza boshladi, maosh esa ularga konvertda emas, rasmiy tarzda to‘lanadigan bo‘ldi. Progressiv shkaladan voz kechish va soliq yukini keskin kamaytirish 2019-yilgi islohotning asosiy yutuqlaridan biridir.
Hozir, progressiv daromad solig‘iga qaytilgach, odamlar yana yashirin iqtisodiyotga o‘tib ketishi xavfi bormi? Ha. Agar daromadlarga turlicha, ayrimlariga yuqoriroq, ayrimlariga pastroq stavkada soliq solinsa, bu norasmiy iqtisodiyotni rag‘batlantiradi. Odamlar daromadlarini yashira boshlaydi, korxonalar yana ish haqining bir qismini konvertda to‘lashga o‘tadi yoki to‘lovlarning muayyan qismini past stavkada chiqarib olish uchun “o‘lik jonlar"ni yollaydi. Aynan shuning uchun ham yassi shkala joriy etilgan edi — iqtisodiyotga soliq yukini umuman kamaytirish, tizimni soddaroq va shaffofroq qilish, rasmiy bandlikni rag‘batlantirish maqsadida.
Agar sizda mehnatga haq to‘lash fondiga soliqlar yuqori-yu, dividendlarga soliqlar past bo‘lsa, tadbirkorlar daromadning bir qismini dividendlar orqali chiqarib ola boshlaydi — aslida, ular hozir ham shunday qilishyapti. Dividendlar orqali xuddi o‘sha pulni olib, ancha kam soliq to‘lash mumkin bo‘lsa, mehnatga haq to‘lash fondiga yuqori soliq to‘lashdan ne naf?
Biz ishlab chiqqan 2019-yilgi soliq islohoti konsepsiyasida dividendlar orqali pul chiqarib olishga rag‘bat qolmasligi uchun dividendlarga solinadigan soliqlar bilan mehnatga haq to‘lash fondiga solinadigan soliqlarni tenglashtirishni taklif qilgan edik. Ammo bizni qo‘llab-quvvatlashmadi va bu tafovut saqlanib qoldi.
Progressiv daromad solig‘ining yangi sxemasi ikki xil usulda ishlashi mumkin: yo mutlaq qiymatga, yo BHMga bog‘langan holda. Aslida, format unchalik muhim emas, lekin inflyatsiyani hisobga olib, BHMga bog‘lagan ma’qul. Agar shunchaki, deylik, 10 mln so‘m qilib chegara belgilansa, keyinchalik inflyatsiya bu summaning real qiymatini kamaytirib yuboradi va stavkani yana qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi institut JSHDSni ish beruvchi avtomatik tarzda emas, balki xodimning o‘zi to‘laydigan variantni taklif qildi. Hozir soliq to‘lov amalga oshiriladigan joydan avtomatik tarzda undiriladi. Agar shunday undirilmasa, xodim deklaratsiya topshirish orqali soliqni o‘zi to‘lashi kerak bo‘ladi.
Men bunda biror ma’no ko‘rmayapman. Fikrimcha, eng to‘g‘ri tizim — bu soliqning daromad to‘lanadigan joydan undirilishi; bu ma’muriyatchilikni osonlashtiradi. Bu, ayni paytda, daromad solig‘i va ijtimoiy soliq o‘rtasida prinsipial farq yo‘qligini ham ko‘rsatadi — bu bitta soliq, shunchaki uni negadir ikkiga bo‘lib qo‘yishgan. Ikkalasi ham mehnatga haq to‘lash fondidan to‘lanadi, ikkalasi ham ishchi kuchi qiymatiga ta’sir ko‘rsatadi va ish beruvchiga o‘zi to‘laydigan soliq qanday nomlanishining ahamiyati yo‘q.
Agar soliq yuqori bo‘lsa, u ishchi kuchini qimmatlashtiradi, xodim yollashga bo‘lgan rag‘batni so‘ndiradi va xodimlarning o‘zlarining real daromadlarini kamaytiradi. Soliqni rasman ish beruvchi to‘laydimi yoki xodimning o‘zimi — buning nima farqi bor? Hech qanday.
Bu tizimning hammasi budjetga qancha tushum keltirishi mumkin? Bu stavkalar qanday bo‘lishiga, pog‘onalar soniga, daromadning qaysi darajalaridan olinishiga bog‘liq. Agar soliq yuki haddan tashqari oshirilsa, unda, ehtimol, Laffer effektiga ko‘ra, budjetga ko‘p tushum bo‘lmaydi: norasmiy iqtisodiyot o‘sa boshlaydi, rasmiysi esa qisqaradi. Bordi-yu, bu shartli ravishda ikki pog‘onadan iborat bo‘lsa — masalan, minimal stavka 10%, maksimal stavka 14% bo‘lib, oyiga 20 mln so‘mdan yuqori daromadga qo‘llanilsa — menimcha, bu na budjet daromadlariga, na norasmiy iqtisodiyot hajmiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Hammasi aniq parametrlarga bog‘liq.
Umuman olganda, men davlat xarajatlarini, ayniqsa, iqtisodiy xarajatlarni keskin qisqartirish bilan birga soliq yukini maksimal darajada kamaytirish tarafdoriman. Bizda bunday xarajatlar rivojlanayotgan va biznikidek rivojlanish darajasidagi mamlakat uchun haddan ziyod ko‘p. Bu qaysidir Fransiya uchun normal holat bo‘lishi mumkin, lekin biz uchun emas. Qolaversa, ular samarasiz, chunki “iqtisodiy xarajatlar” deb ataladigan sarflar — bu amaldorlarning o‘z “istaklari” yo‘lidagi, korrupsiya va samarasizlik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan xarajatlardir. Ularni deyarli nolga tushirish va shu hisobdan butun iqtisodiyotdagi soliq yukini kamaytirish kerak.
Mehnatga haq to‘lash fondi haqida gapiradigan bo‘lsak, men yagona yassi shkalani qoldirib, har ikkala soliq — ijtimoiy va daromad solig‘i bo‘yicha yuklamani 10% gacha pasaytirishni taklif qilgan bo‘lardim. Odamlar soliqlardan qochib yurmasligi uchun bu bizning rivojlanish darajamizga mos keladi, deb o‘ylayman.
Va yana bir narsa — bu haqda ko‘p gapiraman — foyda solig‘i bilan dividend solig‘ini “taqsimlanadigan foyda solig‘i” deb ataluvchi yagona soliqqa birlashtirgan bo‘lardim. Uning stavkasini birlashgan mehnat solig‘i darajasiga — har ikkisini ham 20% ga tenglashtirib, ko‘tarish mumkin bo‘lardi. Bu soliq butun foydadan emas, faqat taqsimlanadigan dividendlardan olinadi.
Shunda bu adolatdan bo‘lardi, chunki dividendlar — aynan boylarning asosiy daromadi bo‘lib, ular hozirda bundan juda past soliq to‘lashadi. Bundan tashqari, taqsimlanadigan foyda solig‘i tadbirkorlarni o‘z foydasini shunchaki sarflab yuborishga emas, balki uni biznesni rivojlantirishga sarmoya qilishga undaydi, bu esa iqtisodiyot uchun juda foydalidir.

UTAX soliq maslahatchilari tashkiloti ijrochi direktori.
Progressiv soliq shkalasini ijobiy baholayman. Biroq bunda bir nechta muhim jihatlarni inobatga olish kerak.
Birinchidan, agar progressiv soliq shkalasi joriy qilinadigan bo‘lsa, soliqqa tortilmaydigan minimumni belgilash zarur. Hozir amaldagi 12% lik yagona stavka sharoitida 50 mln so‘m daromad oladigan fuqaro ham, 3 mln so‘m maosh oladigan farrosh ham bir xil stavkada soliq to‘laydi. Bu ijtimoiy adolat tamoyiliga to‘g‘ri kelmaydi.
Agar progressiv shkala joriy etilsa, avvalo 3 mln yoki 5 mln so‘mgacha bo‘lgan daromadlarni soliqdan ozod qilish kerak.
Ikkinchidan esa, bunday tizim joriy etilganda soliqdan qochish holatlari ko‘payishiga tayyor turish lozim. Soliqdan qochishining oldini olish uchun soliq, moliya va mehnat organlari tegishli nazorat mexanizmlariga ega bo‘lishi kerak.
Buni qanday qilish mumkin? Hozir soliq organlarida “mahallabay” tizimi mavjud. Ushbu tizim orqali har bir mahalladagi yuridik shaxslarda ishlovchilar soni, ularga hisoblangan ish haqi, shuningdek, ishchilar sonining va ish haqlarining oylik o‘zgarishi kuzatib boriladi. Agar progressiv shkala joriy etilgandan keyin ish haqlari keskin kamayishi kuzatilsa, soliq inspektorlari amaldagi vakolatlari asosida Biznes-ombudsmanni xabardor qilmasdan tekshiruv o‘tkazishi mumkin. Ya’ni, ular hisobotda ko‘rsatilgan ishchilar sonini amaldagi holat bilan solishtirishi, ish haqlaridagi o‘zgarishlar — kamayish yoki oshishlarni ham o‘rganishi mumkin.
Shuningdek, dunyoda yagona stavkali soliq tizimi asosan sanoqli va rivojlanmagan, masalan, Afrika mamlakatlarida qo‘llaniladi. Rivojlangan hamda rivojlanayotgan davlatlarda esa jismoniy shaxslar daromad solig‘i progressiv shkala, ya’ni daromad oshishi bilan soliq stavkasi ham oshib borishi shaklida undiriladi. Dunyoning 90−95% mamlakatlarida aynan progressiv shkala qo‘llanilayotgan ekan, biz ham bosqichma-bosqich unga o‘tish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishimiz kerak.
2019-yilda progressiv shkaladan voz kechilib, eng yuqori daromad solig‘i stavkasi 23% dan keskin 12% ga tushirilgan edi. Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi ham 25% dan 12% gacha kamaytirildi. Faqat budjet tashkilotlari uchun stavka o‘zgarishsiz 25% darajasida qoldirildi.
O‘sha vaqtlarda yagona soliq stavkasi joriy etilishi biznesni legallashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Ilgari daromad solig‘i to‘laydigan fuqarolar soni qariyb 3 mln nafar bo‘lgan bo‘lsa, progressiv tizim bekor qilingach, bu ko‘rsatkich 4−4,5 mln nafargacha oshgan. Biroq, hozirgi holat bo‘yicha aniq tahlil va statistika bo‘lmagani uchun biron narsa deyish qiyin. Avvalgi yillarda 6 mlnga yaqin fuqaro daromad solig‘i to‘lovchisi ekani aytilardi, ammo hozirgi raqamlar noma’lum. Yana progressiv shkalaga o‘tiladigan bo‘lsa, soliqdan qochish, norasmiy bandlik holatlari ko‘payadi.
Agar soliq stavkalari oshirilsa, bu ko‘rsatkichning yanada o‘sishi xavfi mavjud. To‘g‘ri, hozirgi 12% lik daromad solig‘i va 12% lik ijtimoiy soliq sharoitida ham ko‘pchilik soliqlardan qochyapti, ish haqini yashirib, xodimlarni norasmiy band qilyapti yoki ish haqini “konvert"da beryapti. Boshqa tomondan soliq organlari ham muntazam tekshiruvlar o‘tkazib, tushuntirish ishlari, profilaktika choralarini amalga oshiryapti. Turli rag‘batlantirish mexanizmlari orqali bunday holatlar bartaraf qilinmoqda. Masalan, ish beruvchi ishchilar soni va ish haqini oshirgan bo‘lsa, barqarorlik reytingida unga qo‘shimcha ball berilmoqda.
Progressiv soliq yuki, avvalo, rasmiy maosh oladigan o‘rta tabaqa gardaniga tushadi. Aynan shunday. Sababi, biron bir korxona ta’sischisi bo‘lgan shaxs bir tomondan ish haqini o‘zi kam ko‘rsatib, boshqa tomondan daromadni dividend shaklida olishi mumkin. Yoki ko‘chmas mulk olib, uni ijaraga berib, undan passiv daromad oladi. O‘rta qatlamda esa, ortiqcha mulk, dividend yo‘q, biror korxona ta’sischisi emas va uning daromadi faqat ish haqiga bog‘liq. Shuning uchun progressiv shkala joriy etilsa, aynan o‘rta qatlamning soliq yuki kamida ikki baravarga oshadi. Natijada hozirgi 12% lik stavka 20% gacha yetishi mumkin.
Yagona stavka o‘rniga bir nechta stavkani joriy etish buxgalterlar uchun katta qiyinchilik tug‘dirmasligi mumkin. Chunki 99% korxona 1C buxgalteriya dasturidan foydalanadi va soliq shkalasi dasturga kiritilgach, hisob-kitob avtomatik amalga oshiriladi. Xuddi shuningdek, soliq organlari uchun ham bu jiddiy muammo tug‘dirmaydi. Hozir ham jismoniy shaxslar daromad solig‘i proaktiv tarzda hisoblanmoqda. Shkala tizimga kiritilsa, hisob-kitob avtomatik amalga oshiriladi.
Progressiv shkala BHMga bog‘lanishi ham, qat’iy summalar asosida belgilanishi ham mumkin. Masalan, 5 mln so‘mgacha soliqdan ozod qilish, 5−10 mln so‘m oralig‘iga 7%, 10−15 mln so‘mga 10%, 15−20 mln so‘mga 15%, undan yuqori daromadlarga esa 20% lik stavka belgilanishi mumkin.
Agar tizim BHMga bog‘lansa, BHM yil davomida o‘zgargan taqdirda barcha korxonalar buxgalteriya dasturlariga o‘zgartirish kiritishga majbur bo‘ladi. Bu esa dasturiy ta’minot bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga qo‘shimcha yuk va korxonalar uchun qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslar daromad solig‘ini ish beruvchi emas, balki xodimning o‘zi to‘lashi amaliyoti ayrim davlatlarda, jumladan AQSHda qo‘llaniladi. U yerda ish haqi ushlab qolinmasdan to‘lanadi, soliq organi esa yil yakunida fuqaroning daromadini hisoblab, qancha soliq to‘lashi kerakligi haqida xabarnoma yuboradi.
O‘zbekistonda esa bunday tizimni joriy etishga hali erta. Soliq organlari daromad solig‘ini to‘lovchi 6 mln nafar fuqaro soliqlarini hisob-kitob qilib, ularga alohida xabarnoma yuborish imkoniyatiga ega emas.
Shu sababli hozircha daromad solig‘ini to‘lov manbaida, ya’ni ish beruvchi tomonidan ushlab qolish va budjetga o‘tkazish amaliyoti maqsadga muvofiq. Kelgusida soliq organlarining moddiy-texnik bazasi va axborot tizimlari rivojlangach, bu tizimni bosqichma-bosqich o‘zgartirish — soliqlarni har bir xodimning o‘zi to‘laydigan tizim qilish mumkin.
Progressiv shkalaga muqobil choralar bo‘yicha esa hozir aniq fikr bildirish qiyin. Buning uchun avvalo xorijiy tajribani chuqur o‘rganish zarur. Rivojlangan mamlakatlarda jismoniy shaxslar daromad solig‘i qanday hisoblanishi, qanday undirilishi, qanday stavkalar qo‘llanishi o‘rganilib, shundan keyingina xulosa chiqarish mumkin. Agar bu yo‘nalishda islohot amalga oshiriladigan bo‘lsa, u faqat progressiv soliq shkalasi asosida bo‘lishi kerak.