Mark Sukerberg 10-avgust kuni sun’iy intellektning kelajagi haqidagi 6500 so‘zli manifestini e’lon qildi.
Unda Meta rahbari sun’iy intellekt (SI) rivojlanishi, superintellekt va uning jamiyatdagi o‘rni haqidagi qarashlarini batafsil bayon qilgan.
Sukerbergning asosiy g‘oyasi — kelajakdagi superintellekt faqat bir nechta yirik kompaniya yoki davlat nazoratida qolmasligi, balki imkon qadar ko‘proq odamlar uchun ochiq bo‘lishi kerak.
Uning fikricha, sun’iy intellekt ustidan hokimiyatning bitta tashkilot qo‘lida jamlanishi texnologiyaning o‘zidan ham katta xavf tug‘dirishi mumkin. Shu sababli u SI imkoniyatlarini keng ommaga tarqatishni taklif qilmoqda.
U Meta’ning asosiy maqsadlaridan biri “personal superintelligence” — shaxsiy superintellekt yaratish ekanini aytgan. Bunday SI foydalanuvchiga oddiy chatbot sifatida javob berishdan ko‘ra kengroq imkoniyatlar berishi, insonning bilim, ijodkorlik va boshqa qobiliyatlarini kuchaytirishi ko‘zda tutilmoqda.
Meta bu texnologiyani alohida shaxslar va kichik jamoalarga katta imkoniyatlar beradigan vosita sifatida ko‘rmoqda.
Manifestda Sukerberg SI vositalaridan foydalanish imkoniyati iqtisodiy jihatdan ham keng bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Meta o‘z modellarining ayrimlarini bepul yoki hisoblash quvvatiga talab va taklif asosida nisbatan arzon narxda taqdim etish g‘oyasini ilgari surmoqda. Maqsad — ilg‘or SI faqat katta texnologik kompaniyalarga tegishli bo‘lib qolishining oldini olish.
Shuningdek, u Meta ayrim ochiq SI modellarini chiqarishni davom ettirishini ma’lum qilgan. Bunday modellar mustaqil kengash nazorati ostida bo‘lib, xavfsizlik va amaldagi talablarga muvofiqligi tekshirilishi rejalashtirilgan.
Bu Meta’ning SI bozorida yopiq modellar ustunligiga qarshi o‘z pozitsiyasini kuchaytirish strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.
Meta rahbari SI sababli ayrim kompaniyalarda xodimlar soni kamayishi mumkinligini inkor etmaydi. Biroq uning fikricha, uzoq muddatda SI kichik jamoalarga katta kompaniyalar darajasidagi mahsulot va xizmatlarni yaratish imkonini beradi. Natijada ayrim ishlar avtomatlashtirilsa ham, yangi kompaniyalar, mahsulotlar va ish o‘rinlari paydo bo‘lishi mumkin.
Bayonot faqat SI texnologiyasiga emas, uning infratuzilmasiga ham tegishli. Meta data-markazlari joylashgan hududlardagi jamoalarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Future is for Everyone Fund” nomli $1 mlrdlik fond tashkil etishini e’lon qilgan. Bu kompaniyaning yirik data-markazlari qurilishi bilan bog‘liq jamoatchilik xavotirlarini kamaytirishga qaratilgan.
Umuman olganda, Sukerberg manifestida SI’ni cheklashdan ko‘ra, uning imkoniyatlarini kengroq tarqatish tarafdori ekanini ko‘rsatmoqda. Uning asosiy pozitsiyasi shuki: sun’iy intellekt qanchalik kuchli bo‘lmasin, uning nazorati bitta kompaniya yoki tashkilot qo‘lida jamlanmasligi kerak; superintellekt imkoniyatlari imkon qadar ko‘proq insonlarga yetib borishi lozim.
Avvalroq sun’iy intellekt jahon moliya bozorlarida keskin qulashga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, SIga $7 trln sarmoya kiritilishi kutilmoqda. Ammo u kutilgan samarani bermasa, jahon moliya bozorlari qulash xavfi ostida qoladi.