Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi O‘zbekistondagi barcha oliygohlarda karyera markazlarini tashkil etishni taklif qilmoqda. Tegishli qaror loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Tashabbus bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Talabalarni kasbga yo‘naltirish, amaliyot va stajirovkalarga yuborish, shuningdek, ishga joylashtirish bo‘yicha tizimli yondashuv joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

2027-yil 1-yanvardan boshlab mulkchilik shaklidan qat’i nazar, O‘zbekistondagi barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ularning tashkil etilishini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi nazorat qiladi.

2028-yildan boshlab yangi tashkil etiladigan nodavlat oliygohlarda karyera markazini faoliyatining ikkinchi yilidan kechiktirmay ochish majburiy bo‘ladi. Davlat oliygohlari esa markazlarni tashkil etishi kerak.

OTM rahbarlari har yili talabalar, bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida karyera xizmatlari sifatini baholash bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazadi. Qaror loyihasida karyera markazlari uchun alohida ish rejalari, maqsadli ko‘rsatkichlar (KPI) hamda bitiruvchilar faoliyatini monitoring qilish tizimini joriy etish ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, karyera markazlari menejerlari uchun maxsus o‘quv dasturini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Unda quyidagi yo‘nalishlar qamrab olinadi:

  • karyera xizmatlari va ularni rivojlantirish strategiyasi bo‘yicha asosiy bilimlar;
  • mehnat bozori va bandlik sohasidagi tendensiyalar tahlili;
  • kasbga yo‘naltirish texnologiyalari;
  • ish beruvchilar bilan hamkorlik va korporativ sheriklik metodologiyasi;
  • dual ta’lim, amaliyot va stajirovkalarni mahalliy mehnat bozori bilan integratsiya qilish;
  • raqamli karyera platformalari (LinkedIn, hh.uz, Inplatform) bilan ishlash;
  • talabalar va bitiruvchilar bilan ishlash: individual karyera maslahatlari, rezyume tuzish, suhbatga tayyorlash, shaxsiy brend va psixologik testlar;
  • karyera maslahatida sun’iy intellektdan foydalanish;
  • xalqaro tajriba va innovatsion amaliyotlarni o‘rganish;
  • ma’lumotlarni tahlil qilish, KPI ko‘rsatkichlarini o‘lchash va karyera markazi faoliyatini baholash.

Dastur 144 soat davom etadi: 72 soat onlayn, 36 soat oflayn mashg‘ulot va 36 soat amaliyotga ajratiladi. Dastur yakunida ishtirokchilar uch qismdan iborat attestatsiyadan — test, amaliy topshiriq va loyihani himoya qilishdan o‘tadi.

2027-yil sentabr oyigacha karyera markazlaridagi barcha lavozimlarni mazkur dastur bitiruvchilari bilan to‘ldirish vazifasi qo‘yilgan.

Karyera markazlari rahbarlarining ish haqi fakultet dekanlarinikiga tenglashtiriladi. Shuningdek, har 3 ming nafar talaba uchun 2 ta shtat birligi hisobidan yetakchi mutaxassislar tayinlanadi. Ularning maoshi dekan o‘rinbosarlarinikiga teng bo‘ladi.

Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar elektron tizimlarini career.edu.uz platformasi bilan integratsiya qilishi kerak bo‘ladi. Ular ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji haqidagi ma’lumotlarni OTMlarning karyera markazlariga taqdim etadi.

Shuningdek, karyera markazlarini tashkil etgan nodavlat OTMlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ishlab chiqiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi bu boradagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak.

Qaror loyihasi muhokamasi 27-avgustgacha davom etadi.


Avvalroq Spot xususiy kasbiy ta‘lim markazlariga 7 yilgacha imtiyozli kreditlar berilishi haqida yozgandi.