O‘zbekiston bosh konsuli Sherzod Abdunazarov Turkiyaning yetakchi elektron tijorat platformalaridan biri Trendyol vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Unda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Trendyol orqali Turkiya bozorida sotishni yo‘lga qo‘yish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni xalqaro elektron savdo maydonlariga olib chiqish hamda ularning eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralarda turk tomoni Trendyol aksiyalarining 85%i Xitoyning Alibaba va dunyoning boshqa yirik kompaniyalariga, 15%i esa Turkiyaga tegishli ekanini ma‘lum qildi.

Turk tomoni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Trendyol platformasiga joylashtirish va sotishni tashkil etishda amaliy ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

Xususan, o‘zbek ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini platforma talablariga moslashtirish va onlayn savdoga olib chiqish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan eksportbop mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirish hamda ularni Trendyol platformasiga joylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Spot, avvalroq, SunExpress 1-avgustdan Toshkent-Izmir o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.