Toshkent shahridagi qator dorixonalarda muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari savdosi aniqlandi. Bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xabar berdi.

Tekshiruvlar farmatsevtika faoliyatida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini o‘rganish doirasida o‘tkazilgan. Bunga Arzon apteka Telegram-botida joylashtirilgan dori vositalari haqidagi e‘lonlar asos bo‘lgan.

Nazorat tadbirlari davomida to‘rtta dorixonada muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan 86 turdagi dori vositasi aniqlanib, savdodan olindi.

Shuningdek, 5 turdagi yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari ham savdoda turgani aniqlandi.

Yana bir holatda dorixona dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana sotish uchun berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugaganiga qaramay, faoliyatini davom ettirgani ma‘lum bo‘ldi.

Markaz fuqarolarni dori vositalarini qonuniy faoliyat yuritayotgan dorixonalardan xarid qilishga, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali e‘lonlardan ehtiyot bo‘lishga hamda mahsulotlarning qonuniyligi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga e‘tibor qaratishga chaqirdi.

Spot, avvalroq, dorilarni asossiz qimmatroq sotgan uchta farmkorxona qariyb 100 mln so‘m qaytargani haqida yozgandi.