Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda uy-joylarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga sotib olish cheklanishi haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.

Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi qarori (PQ-294-son) bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari faoliyatini tartibga solish tartibi belgilangan edi.

Qarorga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari — iste’molchilarga muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar hisoblanadi. Ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Ya’ni vositachi-operator uy-joyni “rassrochka"ga olib berish imkoniga ega bo‘lmaydi.

“Biroq bu quruvchi o‘zi qurgan uyni xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sota olmaydi, degani emas. Chunki qarorda sotuvchi tomonidan iste’molchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan”, — deyiladi xabarda.

Shu sababli 2027-yildan ham fuqarolar uy-joyni bevosita quruvchining o‘zidan bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olishi mumkin. Yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi bevosita savdoni taqiqlamaydi.

Shu bilan birga, qaror muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi operatorlar faoliyatiga yangi talablarni joriy qiladi. Xususan, operatorlar maxsus reyestrga kiritiladi va Markaziy bank nazorati ostida faoliyat yuritadi. Ularning shartnomalari, ustama va komissiyalariga ham aniq talablar belgilanadi.

Muddatli to‘lov bozori qanday tartibga solinmoqda

Prezident qaroriga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari faoliyati tartibga solinadi. Bank va mikromoliya tashkilotlaridan tashqari bunday xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar maxsus reyestrga kiritilib, Markaziy bank nazorati ostida ishlaydi.

Shuningdek, muddatli to‘lov shartnomasi qiymati 110 mln so‘mdan oshmasligi, iste’molchining majburiyat muddati esa 12 oydan ko‘p bo‘lmasligi belgilanmoqda. Asosiy qarzdan tashqari komissiya, jarima, penya va boshqa to‘lovlarning jami yiliga muddatli to‘lov summasining 50%idan oshmasligi kerak.

Iste’molchi qarzni istalgan vaqtda qo‘shimcha jarima, penya yoki komissiyalarsiz muddatidan oldin to‘liq yoki qisman to‘lash huquqiga ega bo‘ladi.

Muddatli to‘lov operatorlari Markaziy bankning prudensial talablari va nazoratiga rioya qilishi, mijozlarni raqamli identifikatsiya va verifikatsiyadan o‘tkazishi shart bo‘ladi. Barcha muddatli to‘lov shartnomalari bo‘yicha ma’lumotlar kredit byurolari bilan almashiladi hamda operatorlar Markaziy bank belgilaydigan qarz yuki bo‘yicha cheklovlarga amal qiladi.

Aylanmasining choraklik hajmi 500 mln so‘mdan oshib, bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatlari ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan tashkilotlar ham reyestrga kiritilib, operatorlar uchun belgilangan talablarga rioya qiladi.

Avvalroq Spot ko‘p qavatli uylardagi liftlar uchun yangi talablar joriy etilgani haqida yozgan edi.