Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.

Prezident yig‘ilishda Andijondagi ijtimoiy muammolar haqida so‘z yuritdi, deya xabar berdi jurnalist Jahongir Olimov o‘zining Telegram kanalida.

Xususan, viloyatda kambag‘allik darajasi 4% ni (141 ming kishi), ishsizlik esa 4,5% ni (66 ming kishi) tashkil etishi ta’kidlandi. Yana 219 ming fuqaro xorijda vaqtincha mehnat migratsiyasini amalga oshirmoqda.

“Bu muammomi, yo‘qmi? Bu odamlar bizdan, yangi O‘zbekistondan rozimi? Shuni bilib turib, men Toshkentda qanday tinch o‘tiraman?”, — dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev mahallalar obodligi har bir insonning mehnati va daxldorligi bilan yaratilishini ta’kidladi.

Mahalla faollari va nuroniylar ko‘chalarni obod qilish, ariqlarni tozalash, xonadonlar atrofiga daraxt va gullar ekishda bosh-qosh bo‘lishi muhimligi qayd etildi. Bu yoshlarda ham o‘z mahallasi, ko‘chasi va yurtiga mehr hamda mas’uliyatni kuchaytirishi aytildi.

Kelgusi yil Andijonda 100 ta mahallaga “Yangi O‘zbekiston qiyofasi"ni olib kirish rejasini tayyorlash topshirildi. Mamlakat yetakchisi andijonliklarga xos tashabbuskorlik, mehnatsevarlik va natijaga intilish bu maqsadlarga erishishda mustahkam tayanch bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Avvalroq Spot Andijonda sanoat korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan texnikum ochilgani haqida yozgandi.