Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida yozgandi. Unda Andijonda ko‘p ish o‘rni yaratuvchi sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi rag‘batlantirish choralari belgilandi.
Shu bilan birga, uchrashuvda tadbirkorlar nizolarini sudda ko‘rish tartibini soddalashtirish masalasi ham qayd etildi.
Tadbirkorlarning kredit, oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kommunal va soliq qarzdorligiga oid nizolarini sudda ko‘rib chiqish jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha choralar belgilanadi.
Oliy sud, Biznes-ombudsman va Adliya vazirligiga Andijonda tadbirkorlarning murojaatlarini eshitib, ularning muammolariga yechim topish topshirildi.
Dalillar yetarli bo‘lgan ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish va sud jarayonlari muddatlarini qisqartirish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Oktabr-noyabr oylarida mamlakat bo‘ylab tadbirkorlar va davlat tashkilotlari yuristlari uchun nizolarni sudgacha hal qilish va sud jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha o‘quvlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, bir oy ichida protsessual qonunchilik tahlil qilinib, qaysi ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish va ularning muddatlarini qisqartirish mumkinligi yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Avvalroq Spot Sirdaryoda Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng tadbirkorning 9,6 mlrd so‘mlik muammosi hal etilgani haqida yozgandi.
Sud qarorlari ijro etilmagani sabab korxonada sun‘iy qarzdorlik yuzaga kelib, 350 mln so‘mdan ortiq penya hisoblangan.