Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.
Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish choralari belgilandi. Alohida Agrostar kompaniyasi tashkil etilib, bahorgacha 4−5 ming gektar maydonga suv chiqariladi va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘lar barpo etiladi.
Bog‘lar 3 yil parvarishlanib, aholiga tayyor holda taklif qilinadi. Buning uchun $30 mln, adirlarga suv chiqarish uchun esa 200 mlrd so‘m ajratiladi.
Andijon viloyatida yetishtirilayotgan meva-sabzavotning hozircha 16% i qayta ishlanayotgani qayd etildi. Kichik uskunalarni aholiga lizingga berish va tuman brendlarini yaratish orqali bu ko‘rsatkichni 30% ga, eksportni $500 mlnga yetkazish mumkin.
Meva-sabzavotchilikda “gektardan — maksimal qiymat” tamoyiliga o‘tiladi. Kichik qayta ishlash uskunalarini lizingga berish uchun 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Baliqchida 5 gektarda tashkil etilgan issiqxona loyihasi mamlakat bo‘ylab ommalashtiriladi. Bunga 300 mlrd so‘m, shu jumladan, Andijonga 50 mlrd so‘m ajratiladi.


Tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksportda logistika xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari e’lon qilindi.
Paxtani birjada sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa gektariga 1,5 mln so‘mdan subsidiya oladi.
Mutasaddilarga tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5% dan, milliy valyutadagisining 14% dan oshgan qismini 3 yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblarni kiritish topshirildi.
Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3% ini qaytarish masalasi bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Avvalroq Spot Ulug‘norda 1,2 ming gektar maydonda baliqchilik klasteri tashkil etilishi haqida yozgan edi.

