Andreessen Horowitz (a16z) venchur fondi generativ SI asosidagi eng ommabop 100 ta iste’molchi mahsuloti reytingini yettinchi bor e’lon qildi.

Tadqiqotga 2026-yil avgust oyida Similarweb tomonidan qayd etilgan veb-saytlar tashriflari va Sensor Tower’ning mobil ilovalardagi oylik faol auditoriya (MAU) statistikasi asos qilib olindi.

Bundan tashqari, mualliflar ilk bor AQSHdagi bank kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar asosida iste’molchilardan tushadigan daromad bo‘yicha reytingni ham taqdim etdi. Ma’lumotlar YipitData xizmati orqali olingan.

Bozorning mutlaq yetakchisi OpenAI’ning ChatGPT’i bo‘lib qolmoqda. Chat-bot uchala reytingda ham birinchi o‘rinni egallagan: veb-trafik bo‘yicha u Google Gemini’dan ikki barobar, Anthropic’ning Claude’idan esa olti barobar oldinda.

Mobil segmentda farq yanada katta — ChatGPT Gemini’dan 2,5 barobar, Claude’dan esa 14 barobar ko‘p auditoriyaga ega. AQSHdagi pullik obunachilar soni bo‘yicha ham OpenAI flagmani eng yaqin raqiblaridan uch barobardan ko‘proq oldinda.

Claude reytingda uchinchi o‘rinni saqlab qoldi va DeepSeek hamda Perplexity’ni ortda qoldirdi. Shu bilan birga, Anthropic xizmati auditoriyani boshqalarga qaraganda faolroq monetizatsiya qilmoqda: pullik foydalanuvchilarning 7,3% i oyiga $100 dan boshlanadigan Max tarifini tanlaydi. Taqqoslash uchun, Google’da $100 lik obunani foydalanuvchilarning 1,3% i, ChatGPT’da esa atigi 1,1% i tanlagan.

Eng talabgir mobil generativ AI ilovalari reytingidan Rossiyaning Yandex xizmati ham joy oldi. Yandex ilovasi oylik faol auditoriya bo‘yicha dunyoda 13-o‘rinni egalladi. Rossiya mahsuloti Xitoyning DeepSeek’i (14-o‘rin), Meta AI (18-o‘rin), xAI’ning Grok’i (19-o‘rin) va Perplexity (25-o‘rin) kabi platformalarni ortda qoldirdi.

a16z tahlilchilari bozorning keskin tabaqalanib borayotganini ham qayd etdi. AQSHdagi iste’molchilarning qariyb yarmi sun’iy intellektdan foydalanayotgan bo‘lsa-da, atigi 25% i undan har kuni foydalanadi, pullik obunaga ega foydalanuvchilar esa bor-yo‘g‘i 4,5% ni tashkil etadi.

Shu bilan birga, eng faol foydalanuvchilarning yuqori 1% i kuzatilgan umumiy daromadning qariyb beshdan bir qismini ta’minlaydi. Ular dasturlash, ish jarayonlarini avtomatlashtirish va media yaratish vositalariga oyiga o‘rtacha $903 sarflaydi.

Soha uchun eng keng tarqalgan biznes modeli hamon muntazam obuna bo‘lib qolmoqda — topdagi veb-xizmatlarning 84% i undan foydalanadi. Reklama orqali monetizatsiyani esa hozircha atigi 14% platforma joriy etgan.


Avvalroq Spot Donald Tramp sun’iy intellektni rasman “superintellekt” deb o‘zgartirgani haqida yozgandi.