8-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston — Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur’ati qayd etildi. Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, Shovot — Toshovuz chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

O‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamda sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarda Kooperatsiya dasturini qabul qilish va uni ikki mamlakat hududlari darajasida ham amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Mazkur hujjat siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish hamda ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam institutsional asos yaratadi.

Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etgani haqida yozgan edi.