Migratsiya agentligi rahbari o‘rinbosari Elyor Toshtemirov Germaniyaning Global Talent Alliance va TSK Logistik kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolarini Germaniyaning transport-logistika sohasida ishga joylashtirish va ushbu mamlakat standartlari asosida tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Yakunda agentlik va Global Talent Alliance o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
O‘zbekiston milliy haydovchilik guvohnomalarini Germaniyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olish imkoniyatlarini vakolatli idoralar bilan kelishish taklif etildi.
Shuningdek, avtobus va yuk avtomobili haydovchilarini ish beruvchilar talablari asosida tayyorlaydigan Germaniya-O‘zbekiston qo‘shma haydovchilik maktabini tashkil etish tashabbusi bildirildi.
Bundan tashqari, muloqotda nomzodlarning viza rasmiylashtirishdagi muammolari muhokama qilindi. Agentlik qo‘shma haydovchilik maktabini tashkil etishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Spot avvalroq o‘rta tibbiyot xodimlari Germaniya klinikalarida ishlashga taklif etilayotgani haqida yozgandi.
