Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ikkilamchi avtomobil bozoridagi narx oʻzgarishlarini baholadi. Ekspertlar 2020−2021-yil iyul-oktyabr oylari uchun narxlarni solishtirdi.

Oʻtgan yil bilan taqqoslaganda, bir yil davomida eskirish faktoriga qaramasdan, baʼzi milliy avtomobil modellari narxi biroz koʻtarildi. Masalan, 2019-yilda chiqarilgan ikkinchi pozitsiyadagi Chevrolet Cobalt 2020-yilda $9,6 mingga taklif qilingan boʻlsa, 2021-yilda bu taklif narxi $10,2 mingga yetgan.

Tahlillar shuni koʻrsatdiki, barcha Chevrolet Cobalt pozitsiyalariga narxlar oʻrtacha 4% ga, Chevrolet Spark 4% ga, Chevrolet Lacetti 2% ga oshgan.

Shu bilan birga, Chevrolet Captiva 5% ga, Chevrolet Matiz 2% ga, Chevrolet Damas 2% ga, Labo 10% ga arzonlashdi.

Rossiyadan import qilingan avtomobillar ham biroz arzonlashdi: Lada Vesta 2% ga va Lada Largus 2% ga.

Yoshi bir yilga yetmagan avtomobillar narxi sezilarli darajada oshdi

Nisbatan yangi avtomobillar narxlarini solishtirganda (hisobot yilida ishlab chiqarilgan) 2021-yilda narxlar sezilarli darajada oshgani maʼlum boʻldi. Agar 2020-yilda oʻsha yili ishlab chiqarilgan ikkinchi pozitsiya Chevrolet Cobalt uchun $10 ming taklif qilingan boʻlsa, 2021-yilda shu yilda ishlab chiqarilgan avtomobil taklifi narxi $11,2 mingga koʻtarildi.


Chevrolet Cobalt-ning barcha pozitsiyalari oʻrtacha narxi 12% ga, Chevrolet Spark 5% ga, Chevrolet Lacetti 7% ga, Chevrolet Malibu 18% ga, Chevrolet Tracker esa 14% ga qimmatlashdi. Shu bilan birga, Damas va Labo narxlari deyarli oʻzgarishsiz qoldi. Narxlarning sezilarli oʻsishi asosan avtomobilning oʻrta pozitsiyalarida (ikkinchi va uchinchi pozitsiyalar) kuzatildi.

Ikkilamchi avtomobil bozorida narxlarning keskin oʻsishi yangi mahalliy avtomobillarni ishlab chiqarishning sekinlashishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin, bu esa talabning doimiy oʻsishi bilan ikkilamchi bozorning faollashishiga olib keldi.

UzAuto Motors zavodi iyul oyining oʻrtalaridan avgust oyi oxirigacha modernizatsiyalash munosabati bilan yopilgan. Bundan tashqari, Chevrolet Lacetti va Chevrolet Spark avtomobillarini ishlab chiqarish yarim oʻtkazgichlarning global yetishmasligi tufayli toʻxtatilgan. Bugungi kunda kompaniya barcha mashhur avtomobil modellarini ishlab chiqarishni qayta tikladi.