Yekaterinburgda boʻlib oʻtgan “Innoprom” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida O‘zbekiston 15 ta shartnoma imzoladi. Bu haqda “TASS” O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi bosh konsuli Abdusalom Xatamov soʻzlariga tayanib xabar bermoqda.

Shartnomalar umumiy qiymati $70 mln.ni tashkil etdi.

Bosh konsul so‘zlariga ko‘ra, ko‘rgazmada Farg‘ona viloyati vakillari faol bo‘ldi.

"<...> Ko‘rgazmaning birinchi kunidayoq maxsus poyabzallar, meva-sabzavot mahsulotlari, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari va ip-kalava yetkazib berish bo‘yicha $30,9 mln.lik eksport shartnomalari imzolandi. Ikkinchi kuni esa bu miqdor $4,7 mln.ga oshdi", — dedi Xatamov.

U koʻrgazmada avtomobil sanoati vakillari, toʻqimachilik va ipak mahsulotlari, charm buyumlar, maishiy texnika ishlab chiqaruvchilari ishtirok etganini qo‘shimcha qildi.

Umuman olganda, koʻrgazmaning asosiy mavzusi “Sanoatga oʻtish: muammolardan yangi imkoniyatlar sari” boʻlib, unda ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, zamonaviy materiallar va boshqa istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha joriy mahalliy va qo‘shma ishlanmalar taqdim etildi.

Iyul oyida “Artel” Rossiyaga maishiy texnika eksport qilishi ma’lum boʻldi. Kompaniya Rossiya bozorining 5%ini egallashi kutilmoqda.