Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 3,9 mln nafar o‘zbekistonliklar turistik maqsadlarda xorijga safar qilgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

O‘zbekistonliklar eng ko‘p Qirg‘izistonga borishgan bo‘lib, to‘qqiz oyda bu yerga 1,8 mln nafar o‘zbekistonlik tashrif buyurgan.

Undan keyingi kuchli uchtalikni Qozog‘iston (774,1 ming), hamda Tojikiston (535,1 ming) va Turkiyaga (239,1 ming) egalladi.

Shuningdek ular quyidagi davlatlarga ham sayohat qilgan:

  • Rossiya — 95,7 ming nafar
  • BAA — 85,0 ming nafar
  • Saudiya Arabistoni — 51,2 ming nafar
  • Misr — 29,6 ming nafar
  • Janubiy Koreya — 16,8 ming nafar
  • AQSh — 12,6 ming nafar
  • Hindiston — 7,7 ming nafar
  • Gruziya — 7,5 ming nafar

“AllTrip” onlayn chipta xizmati maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonliklar yozda ko‘proq ichki turizmni ma’qul ko‘rgan.

Qaysi aviakompaniyalar afzal ko‘rildi

Yo‘lovchilar eng ko‘p “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasini tanladilar, bu sotilgan umumiy chiptalarning 83,99%ini tashkil etgan.

Keyingi o‘rinlarda “Turkish Airlines” (11,71%), “Aeroflot” (1,33%) aviakompaniyalari tanlangan.

Shu bilan birga, o‘tgan yozda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining o‘rtacha chipta narxi 2,2 mln so‘mni tashkil qilgan.

Shuningdek, “Turkish Airlines"da 9,3 mln so‘m, “Aeroflot"da esa 6,8 mln so‘m.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonga sakkiz oyda 3 mln turist tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi.