Joriy yilning yanvar-sentyabr oyida O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi 3,7 mln so‘mni tashkil qildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlarida qayd etilgan.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,9%ga oshgan bo‘lib, o‘tgan yili 2,9 mln so‘mni tashkil etgandi.

Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda 5,9 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinni 4,9 mln so‘m bilan Navoiy egallagan.

Eng kam ko‘rsatkich esa 2,7 mln so‘m bilan Samarqandga to‘g‘ri keladi.

O‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari mamlakatdagi 3 013 874 nafar xodim ma’lumotlaridan foydalanilgan.

Sohalar bo‘yicha eng yuqori maosh bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatiga to‘g‘ri keladi. To‘qqiz oyda mazkur sohalarning o‘rtacha ish haqi 9,7 mln so‘m bo‘lgan.

Eng kam ko‘rsatkich esa ta’lim (2,6 mln so‘m) hamda sog‘liqni saqlash (2,5 mln so‘m) xizmatiga to‘g‘ri kelgan.

Yanvar-iyun oylarida mamlakatdagi o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 3,5 mln so‘mni tashkil etgandi.

HeadHunter kompaniyasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, avgust oyida O‘zbekistonda eng ko‘p ish haqi konsultantlarga taklif etilgan — o‘rtacha 11,6 mln so‘m.

Keyingi o‘rinda 10,6 mln so‘m ish haqi IT mutaxassislarga, 9,6 mln so‘m ish haqi esa top-menejerlarga taklif etilgan.