Jismoniy va yuridik shaxslar bilan Markaziy bank o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda regulyator ma’lum qildi.

Kengash jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni nizom talablari asosida hal qilishga qaratilgan.

Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari apellyatsiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tegishli xulosa beriladi.

Mazkur kengash qonuniy manfaatlarni himoya qilish tizimini takomillashtirib, nizolarni hal etishning muqobil imkoniyatlarini kengaytirishi belgilangan.

Avvalroq regulyator joriy yilning iyul-sentabr oylarida fuqarolardan bildirilgan bank faoliyatiga oid muammo va kamchiliklar yuzasidan izoh bergandi. Qayd etilishicha, murojaatlarni o‘rganib chiqish va uni hal etish ayrim vaqtlarda zaruriy muddat talab etishi mumkin.

Shuningdek, Markaziy bank aholining moliyaviy madaniyatini oshirish maqsadida moliyaviy savodxonlik loyihasini ishga tushirgandi.