Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun “Crypto Trade NET” va “Crypto Market"larga birinchi litsenziyalar berildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur faoliyat uchun litsenziya olgan “Crypto Trade NET” va “Crypto Market"lar Markaziy Osiyo va MDH hududidagi birinchi kripto-do‘konlar bo‘ldi.

Tegishli ma’lumotlar litsenziyalarning elektron reyestriga belgilangan tartibda kiritilgan hamda agentlik rasmiy veb-sahifasida foydalanish uchun ochiq hisoblanadi, deyiladi agentlik xabarida.

3-noyabr kuni Adliya vazirligida kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish qoidalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.

Unga ko‘ra, mazkur qoidalar kripto-do‘kon faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Bu faoliyat turi kripto-do‘konning elektron platformasi yoki savdo obyekti orqali amalga oshiriladi.

Xususan, kripto-do‘konning elektron platformasi orqali:

  • jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish yoki sotish;
  • chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni xorijiy valyutada sotib olish yoki sotish.

Kripto-do‘konning savdo obyekti orqali esa:

  • jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish;
  • mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni naqd pul ko‘rinishida milliy yoki xorijiy valyutada sotib olish;
  • mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni faqat milliy valyutada sotish.

Kripto-do‘konda majburiy identifikatsiyadan o‘tkazilmagan mijozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar hamda O‘zbekiston rezidentlari tomonidan chiqarilgan kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi.

Avgust oyida kripto-aktivlar sohasidagi provayderlarni litsenziyalash tartibi, sentabr oyida esa kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yig‘imlar miqdori belgilangandi.