“Twitter” butun dunyo bo‘ylab kontentni moderatsiya qilish, shuningdek, ijtimoiy tarmoqdagi nafrat so‘zlari va ta’qiblarga qarshi kurashish uchun mas’ul bo‘lgan ayrim xodimlarni qisqartirdi, deya xabar bermoqda “Bloomberg” nashri.

Xabarga ko‘ra, kompaniyaning Dublin va Singapurdagi ofislarida kamida o‘n kishi ishsiz qolgan.

Ishini yo‘qotganlar orasida “Twitter"ning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha yaxlitligi rahbari Nur Azhar Bin Ayob va daromad siyosati bo‘yicha katta direktori Analuisa Dominges bor.

“Twitter"ning moderatsiya bilan shug‘ullanuvchi ishonch va xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Ella Irvin “Bloomberg"ga o‘z jamoasining bir necha a’zolari qisqartirilayotganini tasdiqladi.

Uning ta’kidlashicha, kompaniya turli jamoalarni bir nechta emas, balki bitta rahbar boshchiligida birlashtirish zarur deb topdi va “Twitter” endi ahamiyatsiz deb hisoblagan pozitsiyalarni ham olib tashladi.

7-yanvar kuni ishdan bo‘shatishning o‘tgan davrlarida kompaniyani tark etgan ba’zi sobiq “Twitter” xodimlari ishdan bo‘shatish to‘lovi to‘g‘risida kelishuv oldilar, deb yozadi “Fortune” nashri.

Shu bilan birga, haqiqiy summalar ko‘pchilik kutganidan ancha kam bo‘lib chiqdi va ba’zilar uchun tegishli xatlar pochta xizmatlaridagi Spam jildiga tushib qolgan, deya qo‘shimcha qilgan nashr.

“Twitter” milliarder Ilon Mask tomonidan sotib olingach, jami 5 mingga yaqin odam kompaniyani tark etgan yoki ishdan bo‘shatilgan, deb yozadi “Bloomberg”.

Bu esa 7500 nafar xodimning uchdan ikki qismini tashkil etadi, deyiladi xabarda.

Oktabr oyi boshida Mask “Twitter"ni oldin kelishilgan shartlar asosida $44 mlrdga sotib olishga rozilik bildirgandi.

Keyinchalik Mask kompaniyaning 75% xodimini ishdan boʻshatmoqchi ekanligi haqida ma’lum qildi. 11-noyabr kuni “Twitter” rahbari xodimlariga masofadan turib ishlashni taqiqladi.

12-noyabr kuni esa “Twitter” 5500 ta pudratchidan 4400 tasini ishdan bo‘shatdi. Ular ishdan bo‘shatilgani haqida korporativ akkauntlariga kira olmaganlaridan keyin bilishgan.

Kompaniya xabariga ko‘ra, bu qarorga budjetni qayta ko‘rib chiqish zarurati sabab bo‘lgan.


Avvalroq “Spot” Ilon Mask “Twitter"dagi siyosiy reklamalarga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgani haqida yozgandi.