Avvalroq “Spot” Xitoyning “Yutong Bus” elektroavtobuslar ishlab chiqaruvchisi 2-mart kuni O‘zbekistonga jami 800 ta, 300 ta elektrobus va 500 ta gaz bilan ishlaydigan avtobus yetkazib bergani haqida xabar bergandi.

“Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati mazkur kompaniya tomonidan avtobuslar qanday tartibda va qachon yetkazib berilishi bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi:

Prezidentning 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 dona 18 metrli va 500 dona 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 dona 12 metrli elektrobuslar xarid qilish belgilangan.

Hozirda Xitoyning “Yutong Bus” kompaniyasi va “Toshshahartransxizmat” o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, kompaniya tomonidan, 2023-yilning mart-may oylarida 12 metrli 500 dona “Yutong” rusumli avtobuslarni va 12 metrli 300 dona “Yutong” rusumli elektrobuslar ishlab chiqarish ishlari boshlangan.

Joriy yilning mart oyi yakuniga qadar ushbu avtobuslarning birinchi partiyasi, ya’ni, 110 dona avtobus va 150 dona elektrobuslar O‘zbekistonga yetkazib berilishi kutilmoqda.

2022-yilda mazkur kompaniyaning 20 ta elektrobuslari olib kelingandi.

Avvalroq Toshkentga yaqin oylarda 300 ta elektrobus olib kelinishi haqida xabar berilgandi.

Prezidenti topshirig‘iga muvofiq, keyingi oylarda Toshkent shahriga jami 1000 dona, shundan 300 ta elektrobus hamda 700 ta siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar olib kelinishi belgilangandi.

2025-yilgacha Toshkent shahrida jamoat transportini qulay va ekologik toza harakat tarkibi bilan yangilash orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirini 35%ga kamaytirish belgilangan.

Avvalroq tadbirkorlarga avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha imtiyozli kredit berilishi haqida ma’lum qilingandi.

Shuningdek, ular olib kelgan yangi avtobuslar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin bo‘ladi.