Avvalroq, 1-apreldan hududlarda aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilishi belgilangandi.

Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Hukumat farmoyishiga ko‘ra, mazkur dastur asosida mamlakat hududlarida 36,6 mingta aholi xonadonlarida umumiy kuvvati 182,1 MVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatiladi.

Dastur doirasida quyosh panellarini o‘rnatish va undan foydalanishni tezlashtirish hamda ushbu ishlarni rag‘batlantirish maqsadida “Quyoshli mahalla” tanlovini o‘tkazish belgilangan.

Tanlovning bosh sovrindori BHMning 1 200 baravari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi elektromobil bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrining har biri bo‘yicha g‘oliblarni quyidagi tartibda mukofotlash belgilanmoqda:

  • 1-o‘rin — BHMning 400 baravari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 10 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimi o‘rnatib beriladi;
  • 2-o‘rin — BHMning 200 baravari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 5 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimi o‘rnatib beriladi;
  • 3-o‘rin- BHMning 100 baravari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 3 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimi o‘rnatib beriladi.

Tanlov 2023 yil 15-martdan 1-iyunga qadar o‘tkaziladi. U Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar, mahalla (qishloq, ovul) fuqarolari yig‘inlari miqyosida o‘tkaziladi hamda 14 ta hududning har biri bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.

Avvalroq, Chilonzor tumani, 3-Charx Kamolon mahallasidagi 20 dan ortiq xonadon egalari quyosh panellarini o‘rnatayotgani xabar berilgandi.

Xususan, aholi onlayn platforma orqali buyurtma berib, qurilmalarni 3 yil muddatga foizsiz bo‘lib to‘lash yo‘li bilan xarid qilgan.

Marketpleysdan foydalanish uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak.