Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash ishlarini yangi pog‘onaga olib chiqish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda 1-iyundan boshlab “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, dasturga 2023−2024 yillarda jami $1 mlrd ajratilishi belgilangan. Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliq va bojxona imtiyozlari beriladi.

“Yashil yo‘lak” tartibi joriy qilinadi

Yig‘ilishda tadbirkorlarga bojxona rasmiylashtiruvi paytida “yashil yo‘lak” tartibi qo‘llanilishi ta’kidlandi.

Dasturga kirgan tadbirkorlarga infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan ta’minlashda quyidagicha qo‘shimcha yengilliklar beriladi:

  • yer, bino-inshootlarni auksion orqali xususiylashtirishda bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;
  • qiymati 50 mlrd so‘mdan yuqori loyihalar bo‘yicha infratuzilma xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Soliq va bojxona imtiyozlari to‘liq berilishini, arzon kreditlar o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlamagan rahbarlarga javobgarlik choralari ko‘rib boriladi.

Prezident bu tizim bir martalik ish emas, davomli jarayon bo‘lishi zarurligini qayd etdi.

Vazirlar Mahkamasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Iqtisodiyot va moliya vazirliklariga joylarga chiqib, tadbirkorlar ko‘targan muammo va takliflarni o‘rganish va ularga ko‘maklashish topshirildi.

Mutasaddilar oldiga yil yakuniga qadar mazkur yangi tizim asosida 550 ming aholini o‘qitib, kambag‘allikdan chiqarish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.

Yaxshi natijaga erishgan 200 ta hokim yordamchilari amaliyot o‘tash uchun Xitoyga yuboriladi

Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish sohasida Xitoy tajribasini o‘rganish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Bu bo‘yicha Xitoydan tajribali ekspertlar mamlakatga olib kelindi hamda O‘zbekiston delegatsiyalari Xitoyga borib keldi. Natijada 18 ta yo‘nalishda manzilli loyihalar tayyorlandi.

Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Bunda kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga e’tibor qaratiladi.

Mutasaddilarga xitoylik ekspertlar bilan birga tanlab olingan 14 ta tumanni kambag‘allikdan chiqarish uchun kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Xitoy markazlari bilan hamkorlikda hokim yordamchilarini o‘qitish, yaxshi natijaga erishgan kamida 200 nafar salohiyatli hokim yordamchilarini Xitoyga amaliyot o‘tashga yuborish vazifasi qo‘yildi.


Avvalroq davlat rahbari kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni oshirish bo‘yicha yangi ko‘rsatmalar bergandi.