Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini muhokama qildi.

Hujjat bilan, mamlakat hududlarining 4-toifasiga (40 ta tuman) kiritilgan tumanlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar aylanmadan olinadigan soliqni 3% stavkada, mol-mulk solig‘i belgilangan eng kam qiymatiga va yer solig‘ining bazaviy stavkalariga 0,3 miqdorida to‘lash tartibini joriy etish taklif qilindi.

Shu bilan birga, yakka tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliqni 0,5 miqdorida kamaytiruvchi koeffitsentlarni qo‘llash tashabbusi ham ilgari surildi.

Bundan tashqari, hududlarning 5-toifasiga (20 ta tuman) kiritilgan tumanlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar foyda, aylanmadan olinadigan va ijtimoiy soliqni 1% miqdorida, mol-mulk va yer solig‘ini hisoblangan summaning 1%i miqdorida to‘lashi belgilanmoqda.

Shuningdek, yakka tadbirkorlar qat’iy belgilangan soliqni to‘lashdan ozod etish ko‘zda tutilmoqda.

Majlisda mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

2022-yilning dekabr oyida tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib 5 ta toifaga ajratilishi haqida prezident farmoni qabul qilingandi.

Xususan, 2023-yildan mamlakatning 208 ta tuman va shaharlari 5 ta toifaga ajratilishi hamda shundan kelib chiqib, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari, subsidiyalar berilishi belgilangandi.

Beshta toifaga ajratilgan hududlarga qanday imtiyozlar berilishi belgilangani bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.