IT bo‘yicha “Urban.Tech Uzbekistan” uchinchi xakaton musobaqasiga arizalar qabul qilinmoqda.

Xakaton ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda texnologik yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha har yili o‘tkaziladigan tanlov hisoblanadi.

Tanlovda mamlakatning barcha hududlaridan 18−40 yosh oralig‘idagi, yangi innovatsion yechimlarni taklif qilishga tayyor bo‘lgan har qanday kasb va yo‘nalishdagi mutaxassis va yoshlar jamoa tarzida (4 kishidan iborat) ishtirok etishlari mumkin.

Jamoadagi a’zolar quyidagilardan birini bajarishi zarur:

  • front-end dasturlash;
  • back-end dasturlash;
  • full-stack dasturlash;
  • AI/ML bo‘yicha mutaxassis;
  • UI/UX-dizayni;
  • grafik dizayni;
  • Android dasturlash;
  • iOS (Swift) dasturlash;
  • muhandis dasturlash;
  • tahlil;
  • marketing;
  • biznes tahlil;
  • loyiha menejeri.

Tanlov nizomi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Arizalar quyidagi 4 ta yo‘nalishdan biri bo‘yicha qabul qilinadi:

  • AI in Social Life (Ijtimoiy hayotda SI) — axborot kommunikatsiya texnologiyalari yordamida ijtimoiy faollik va ijtimoiy texnologiyalarni rivojlantirish bilan bog‘liq yechimlar ishlab chiqish;
  • AI in Education (Fan va ta’limda SI) — ko‘p turdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining integratsiyasi orqali fan va ta’limda boshqaruv tizimlarini ishlab chiqish;
  • AI in Industry (Sanoat va ishlab chiqarishda SI) — sanoat va ishlab chiqarishda avtomatik boshqaruv tizimlari, robototizatsiya va SI asoslari;
  • AI in Healthcare (Tibbiyot va sog‘likda SI) — tibbiyot va sog‘liqni saqlash tizimini AKT yordamida rivojlantirish, tibbiyot muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish va sun’iy intelekt yordamida tashxis qo‘yish va boshqalar.

Tanlovning umumiy mukofot jamg‘armasi 200 mln so‘mni tashkil etadi hamda har bir yo‘nalishning g‘olib jamoalariga 50 mln so‘mdan ajratiladi.

Xakaton joriy yilning 16−18 avgust kunlari o‘tkazilib, birinchi kuni ishtirokchilar keyslardan birini tanlab, ular bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar olishadi.

Ikkinchi kuni jamoalar o‘z yechimlarini mutaxassislarga taqdim etib, fikr-mulohazalar olishadi, oxirgi, uchinchi kuni esa jamoalar tomonidan yakuniy taqdimot o‘tkazilib, unda tanlov natijalari va g‘oliblar e’lon qilinadi.

Unda ishtirok etish jamoalar 10-avgustgacha havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.

Xakaton haqida batafsil ma’lumotni bu yerdan olish mumkin.


Avvalroq Gruziyada o‘tkaziladigan “500 Global Investment Accelerator” dasturining beshinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.