O‘zbekiston valyuta birjasi (O‘zRVB) joriy yilgi faoliyati bo‘yicha sharhini taqdim etdi.

Birinchi yarim yillikda valyuta birjasida savdolar umumiy hajmi 495,4 trln so‘mni tashkil etdi . Natijada ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan deyarli 64%ga oshgan.

Xususan, savdolar umumiy hajmining 44,3%i valyuta bozoriga, 47,9%i pul bozoriga hamda qolgan 7,8%i qarz bozori hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mijozlar ehtiyojlarini qondiradigan va birja bozorining rivojlanishiga hissa qo‘shadigan yangi moliyaviy instrumentlar va mahsulotlarni joriy etish yo‘nalishida ishlar davbom etadi, deyiladi xabarda.

Joriy yilning birinchi choragida valyuta birjasida umumiy savdolar hajmi 248,4 trln so‘mni tashkil etgandi.

Fevral oyida O‘zRVB platformasida davlat obligatsiyalari T+2 hisob-kitob rejimida joylashtirildi. U orqali auksionda sotib olingan DQQ bo‘yicha hisob-kitoblar ikkinchi savdo kunida amalga oshiriladi.

Mart oyiga kelib, valyutaviy svop bozorida market-meykerlik faoliyati joriy etilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq “Hayot Bank”, “Yangi Bank”, “Smart Bank” hamda “Apex Bank"lar O‘zRVB a’zoligiga qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, “Bloomberg” kompaniyasi bilan strategik bitim imzolanib, u bilan market-data va statistik ma’lumotlarni translyatsiya qilish belgilandi.