Avvalroq Davaktiv agentligi 2022-yilni foyda va zarar bilan yakunlagan davlat kompaniyalari ro‘yxatini taqdim etgandi.

Unga ko‘ra, NKMK 15,3 trln so‘m daromad bilan eng ko‘p foyda ko‘rgan korxona bo‘ldi. Eng ko‘p zarar ko‘rgan korxonalar ro‘yxatida esa 4,3 trln so‘m zarar bilan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi yetakchilik qilgandi.

“O‘zbekiston MET” bu bo‘yicha “jamoatchilikda noto‘g‘ri fikr shakllanmasligi” maqsadida izoh berdi.

“Aksiyadorlik jamiyati 2022-yilni 4,3 trln so‘m zarar bilan yakunlagani haqidagi xabarlar to‘g‘ri bo‘lib, buning o‘ziga xos sabablari mavjud”, deyiladi xabarda.

Kompaniya moliyaviy faoliyati bo‘yicha asosiy daromadi — elektr energiyasining yagona xaridi va sotishidan shakllanadi. Ya’ni, hisobot bo‘yicha asosiy zararni mahsulot (tovar, ish va xizmat) larni sotish hajmiga muvofiq, 2022-yildagi faoliyat yakuniga ko‘ra yalpi zarar 4,3 trln so‘mni tashkil etgan.

“O‘zbekiston MET” zarar bilan ishlashiga asosiy sabab sifatida hukumat huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining 7-, 10- va 12-sonli bayonlari bilan tasdiqlangan tarmoq ichki tariflariga asosan, elektr energiyasini sotib olish (o‘rtacha 388,1 so‘m) va sotish (o‘rtacha 348,8 so‘m) narxlari orasidagi manfiy tafovut natijasida har bir kVt•soatdan 39,3 so‘m zarar evaziga hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga yetkazib bergani ta’kidlangan.

Ya’ni kompaniya elektr energiyasini qimmat xarid qilib, arzon sotilgani uchun zarar ko‘rgan.

Misol uchun, 2023-yilning birinchi choragida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalardan jami 18,6 mlrd kVt•soat elektr energiyasi o‘rtacha QQS bilan 426,2 so‘mdan xarid qilinib, Hududiy elektr tarmoq korxonalariga 18,8 mlrd kVt•soat hajmda o‘rtacha 405,4 so‘mdan sotilgan, bunda har bir kVt•soatdan 20,8 so‘mdan zarar ko‘rilgan.

Aksiyadorlik jamiyatining 2023-yil uchun tasdiqlangan Biznes rejasida ham joriy yildagi faoliyati zarar bilan yakunlanishi ko‘zda tutilgani ta’kidlanadi xabarda.


Avvalroq iyul oyida 40 mlrd so‘mlik gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi.

Noqonuniy foydalanilgan 37,6 mln metr kub tabiiy gaz yoz mavsumida 188 mingta xonadonning, 22,8 mln kilovatt soat elektr energiyasi esa 114 mingta xonadonning bir oylik iste’molini qoplashga yetadi.