“Silk Avia” aviakompaniyasi Qozog‘istonga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.

Samarqand-Turkiston-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha birinchi parvoz joriy yilning 14-oktabrida charter asosida amalga oshiriladi.

Mazkur yo‘nalishdagi parvoz vaqti 1 soat 20 minutni tashkil etib, chiptalar narxi bir tomonlama 920 ming so‘mdan boshlanadi. Unga 5 kg qo‘l yuki va 20 kg bagaj kiradi.

Aviachiptalarni kompaniya sayti, mobil ilovasi, aloqa-markaz operatorlari +998(55) 501−22−12 raqami yoki O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlar kassalarida xarid qilish mumkin.

“Kelajakda Samarqanddan Turkistonga parvozlarni muntazam tarzda amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Qozog‘iston tomonining tashabbusi bilan aviakompaniya Farg‘onadan Turkistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi aviatashuvchi matbuot xizmati.

“Silk Avia” joriy yilning 25-aprelidan O‘zbekiston shaharlariga muntazam qatnovlarni boshlagandi. 1-iyundan yangi mahalliy yo‘nalishlarga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.

Avgustda esa yo‘lovchilar sonining kamligi sabab Nukusga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Shu oyda aviakompaniya Issiqko‘lga birinchi xalqaro reysni amalga oshira boshladi.


Avvalroq “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi noyabrdan Anqaraga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.