“Farg‘ona HETK” tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanmoqda. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Qo‘qon shahrining “Achchiqko‘l” MFY hududida joylashgan parrandachilik sexida fuqaro M.N.ning elektrdan noqonuniy foydalanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Fuqaro elektr hisoblagichsiz mayning qurilmalari, sovutish va yoritkich moslamalari hamda boshqa elektr qurilmalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tarmog‘iga ulab olgan. Natijada, nazorat tadbiri davomida mazkur holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirildi.

Dastlabki qayta hisob-kitoblarga ko’ra, “Farg‘ona HETK” manfaatiga yetkazilgan zarar 2,5 mlrd so‘mni, ya’ni, 2,8 mln kVt elektr energiyasini tashkil etishi aniqlandi.

Holat yuzasidan tegishli qonun doirasida noqonuniy foydalanilgan mayning fermaga nisbatan 5 barobar o‘suvchi koeffitsient qo‘llanilib, 12,3 mlrd so‘m mablag‘ undirishga hujjatlar rasmiylashtirildi. Huquqbuzarga nisbatan esa 5 barobar o‘suvchi koeffitsient bilan jarima tarzida 9,9 mlrd so‘m qo‘shimcha hisob-kitob qilindi.

“O‘zenergoinspeksiya"ning ma’lum qilishicha, mayning qurilmalar soni 31tani tashkil etib, qonun buzilishi natijasida, mayning ferma faoliyatiga cheklov qo‘yildi.

Hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan mazkur holat yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda.

Avvalroq Farg‘onada tadbirkorlar qariyb $6 mlnlik tabiiy gazni talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi. Noqonuniy tadbirkorlar g‘ishtlar tagida ohaktoshlarni kuydirish uchun uzoq vaqt davomida yashirin ravishda gaz olib kelib foydalanishgan.