Rossiyadan O‘zbekistonga gaz eksportini yo‘lga qo‘yish gaz tashish tizimini qayta sozlashni talab qildi. Bu haqda “Gazprom UGS” bosh direktori Igor Safonovga tayanib, “Interfaks” nashri xabar berdi.

Safonovning qayd etishicha, “Gazprom Transgaz Ekaterinburg” kompaniyasi quvvatlarining bir qismi xorijiy yetkazib berishga yo‘naltiriladi. Sverdlovsk va Chelyabinsk viloyatlarida paydo bo‘lgan ehtiyoj “Gazprom Transgaz Surgut” tomonidan qoplanadi.

“Bu yil qishda Urengoy-Chelyabinsk yo‘lagi bo‘ylab yoqilg‘i ta’minotini ko‘paytirishga to‘g‘ri keladi. Mazkur magistral bo‘ylab yuklanishning oshishiga nafaqat O‘zbekistonga gaz eksportining yo‘lga qo‘yilishi, balki Ural mintaqasi iqtisodiy rivojlanishining jadallashuvi ham sabab bo‘ldi”, — dedi Safonov.

Bundan tashqari, Volga va Orenburg viloyatlaridagi yer osti omborlarida yuklamaning kutilayotgan o‘sishi qayd etildi. Shu bilan birga, Boshqirdiston, Kaluga va Saratov viloyatlaridagi bir nechta obyektlar allaqachon yuqori rejimda ishlamoqda.

Bundan tashqari, Safonov Udmurtiya rezervat majmuasini Udmurtiya va Tataristondagi Nijnekamsk sanoat markazini gaz bilan ta’minlash bo‘yicha asosiy loyihalardan biri sifatida ta’kidladi. Buning uchun uni to‘rtta gaz saqlash ombori tarmog‘igacha kengaytirish rejalashtirilgan.

Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish 7-oktabrdan boshlandi. Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil oxirigacha tranzit 800 mln kub metrni, kutilayotgan yetkazib berish esa yiliga 2,8 mlrd kub metrni tashkil qiladi.

Oktabr oyi oxirida Rossiya O‘zbekiston bilan kelgusi 15 yil davomida gaz bo‘yicha hamkorlik qilishni ko‘rib chiqqani xabar berildi. Gaz ta’minotini oshirish uchun Markaziy Osiyo — Markaz quvurlari tizimini kengaytirishni rejalashtirmoqda.