Toshkent va Moskva shaharlari o‘rtasida sayyohlar sonini 1 mldan oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

15-noyabr kuni Toshkentda boshlangan xalqaro turizm yarmarkasi doirasida Toshkent shahar hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Davrukov hamda Moskva meri va hukumati devoni boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Moskva shahar turizm qo‘mitasi raisi Kozlov Yevgeniy Aleksandrovich ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Tomonlar Toshkent va Moskva o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.

Shaharlar o‘rtasidagi samarali hamkorlik jarayonida sayyohlar sonini har ikki yo‘nalishda 1 mlndan ortiq kishiga yetkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, targ‘ibot tadbirlari, turizm va madaniyat festivallarini, folklor va havaskorlik jamoalarining gastrollarini tashkil etish, o‘zaro takliflar orqali turoperatorlar va OAV vakillarini tegishli milliy turistik marshrutlar va mahsulotlarni o‘rganishga taklif etish belgilangan.

Oktabr oyida prezident xorijiy sayyohlar sonini oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab bergandi. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga xorijdan 4,3 mln turist tashrif buyurib, ulardan $1,4 mlrd tushum bo‘lgan. Yil oxirigacha mamlakatga 7 mln sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda.

Kelasi yildan Samarqand, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlariga mahalliy reyslar ko‘paytirilib, Toshkent-Qarshi yo‘nalishidagi aviareyslar haftasiga 2 martadan 7 martaga oshiriladi.