Davlat aktivlarini sotishda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masallari qo‘mitasi majlisida “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi qonun muhokama qilindi.

Unda mazkur qonunning 2021−2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish Strategiyasiga muvofiq ishlab chiqilganligi, uni iqtisodiyotda davlat ishtirokini asoslangan darajagacha qisqartirish va investitsiya muhitini tubdan yaxshilashga qaratilganligi qayd etildi.

Shuningdek, hujjatga yangi me’yorlar kiritilib, davlat aktivlarini sotishda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati, to‘lovlarni amalga oshirish tartibi va shartlari qonun darajasida belgilanmoqda. Qonun asosida balansda saqlovchining javobgarligi kuchaytirilib, xatlov komissiyasi instituti bekor qilinmoqda.

Xususiylashtirishning qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, hisobdorlik, teng raqobat muhitini ta’minlash hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik qonunning asosiy prinsiplari sifatida belgilanmoqda.

Majlis so‘nggida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hisobotida IPO va xususiylashtirishning O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish istiqbollariga ijobiy ta’sirini qayd etgandi.

Avvalroq prezident ishtirokidagi yig‘ilishda banklarni xususiylashtirishga tayyorlash hamda ularning qimmatli qog‘ozlarini IPOga chiqarish masalalari muhokama qilingandi.