Andijon viloyatida elektr energiyasidan hisobsiz va to‘lovsiz foydalanish holatlari aniqlanmoqda. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

Inspeksiya tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” mutaxassislari bilan viloyatda navbatdagi tungi reyd tadbiri o‘tkazildi.

Natijada, “E.” MChJga tegishli ishlab chiqarish sexida noqonuniy mayning ferma faoliyati aniqlandi.

Xususan, 33 dona mayning qurilmasi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangani ma’lum bo‘ldi hamda mayning ferma faoliyati to‘xtatildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur MChJ tomonidan tizimga 2,4 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.

Avvalroq, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida 2,8 mlrd so‘m, Quva tumanida esa 12,3 mlrd so‘m, Xorazmda davlatga 1 mlrd so‘m, Navoiyda 24 mlrd so‘m, 9,6 mlrd so‘m hamda 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan mayning fermalar aniqlangandi.

Umuman, joriy yilning o‘tgan davrida 26ta noqonuniy mayning ferma aniqlangan. Ular tomonidan talon-toroj qilingan 29 mln kVt elektr energiyasi 58,2 mlrd so‘mga teng bo‘lib, 145 mingta xonadonning bir oylik iste’mol ehtiyojini qoplashga yetardi.