Avvalroq Shavkat Mirziyoyev soliq va budjet siyosatidagi o‘zgarishlar munosabati bilan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartishva qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi.

Hujjatda, jumladan, qat’iy belgilangan stavka bo‘yicha aylanma soliqni undirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. U o‘tgan yili aylanma ulushidan kelib chiqqan holda (4%) soliqqa muqobil sifatida joriy qilingandi.

2024-yildan jami daromadi 500 mln so‘mdan oshmagan soliq to‘lovchilar uchun qat’iy belgilangan aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 25 mln so‘mni (+25%), mazkur chegaradan yuqori daromadga ega bo‘lganlar uchun esa 34 mln so‘mni (+13,3%) tashkil etadi.

Qat’iy belgilangan soliq teng ulushlarda har oyda, kalendar oyidan keyingi oyning 15-kunidan kechikmasdan to‘lanadi. Ushbu rejimga o‘tish uchun kelgusi oy boshlanishidan kamida 10 kun oldin soliq organlariga xabarnoma yuborish zarur.

Yangi tashkil etilgan soliq to‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng qat’iy belgilangan soliqni to‘lashni tanlash huquqiga ega. Qat’iy belgilangan soliq miqdorini to‘lashdan bosh tortish keyingi soliq davrining boshidan boshlab amalga oshiriladi.

Soliq davrida belgilangan stavka bo‘yicha soliq to‘lashga o‘tishda soliq miqdori summani 12ga bo‘lish va natijani joriy soliq davri oxirigacha qolgan oylar soniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.

Agar soliq davrida soliq to‘lovchining umumiy daromadi 500 mln so‘mdan oshsa, soliq summasi belgilangan chegaradan oshib ketgan oydan boshlab joriy soliq davrining oxirigacha qayta hisoblab chiqiladi.

Jami daromadlar darajasi 1 mlrd so‘mdan oshsa, soliq to‘lovchilar (shu jumladan, yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar va yangi ro‘yxatdan o‘tgan YaTTlar) daromad chegarasiga erishilgan kundan boshlab QQS va daromad solig‘ini to‘lashni boshlashadi.

Soliq davrida qat’iy belgilangan aylanma solig‘ini to‘lashdan QQS va daromad solig‘ini to‘lashga o‘tishda soliqning qat’iy summasi mazkur soliqlarni to‘lashga o‘tish amalga oshirilgan oxirgi kalendar oyi hisobga olingan holda to‘lanishi kerak.

Yuqoridagi hujjat bilan 2024-yilda jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘ini to‘lash tartibi o‘zgartirildi. Aholiga tegishli noturarjoy mulklari bo‘yicha soliq solinadigan bazani hisoblash yuridik shaxslarnikiga tenglashtiriladi.

Shuningdek, ijara to‘lovlarining minimal stavkalari qanday bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Belgilangan o‘zgarishlar binolar va avtomobilni ijaraga berishdan olinadigan daromadlarni soliqqa tortishda qo‘llaniladi.