O‘zbekistonliklarning Kanadada ishlashiga imkoniyat yaratiladi, deya xabar bermoqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati
Bu bo‘yicha vazir Behzod Musayev hamda Kanadaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Alam Xemson o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Kanada bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek tomonlar o‘zbekistonliklarni Kanada mehnat bozoriga jalb qilish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Ikki davlatning xususiy rekruting kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatish, fuqarolarni Kanadaga yuborish va viza olish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Avvalroq “Uzbekistan Airways” 2025-yildan Kanadaga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Mamlakatlarning aviatsiya ma’muriyatlari ikki tomonlama havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim ustida ish boshlagan.
16-yanvar kuni prezident Bandlik vazirligiga 100 ming nafar o‘zbekistonlikni o‘qitish hamda Yevropa va Osiyo mamlakatlariga jo‘natish bo‘yicha topshiriq bergandi. Hozir mehnat muhojirlarining atigi 6%i uyushgan holda chet el korxonalariga ishga yuborilgan.
Joriy yilda 100 ming nafar o‘zbekistonlik Janubiy Koreyaga ishga jalb qilinishi rejalashtirilmoqda. Xususan, 8−14 fevral kunlari mamlakatda ishlash istagida bo‘lgan nomzodlardan arizalar qabul qilinadi.