“We Digital” agentligi ChatGPT texnologiyasi asosida o‘zbek tilidagi “Uzbek Expert” chatini taqdim etdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.

O‘tgan yilning noyabrida “We Digital” sun’iy intellektni audio va video kontent hamda matnlarni yaratishda integratsiyalash uchun AI laboratoriyasini ishga tushirgandi.

Laboratoriya loyihalaridan biri matnlar yaratish, savollarga javob berish va tabiiy suhbatga taqlid qila oladigan ChatGPT asosidagi “Uzbek Expert” chatboti bo‘ldi.

“Mazkur chat-bot yordamida biz kopirayterlar va kontent yaratuvchilar uchun yangi imkoniyatlar ochyapmiz. Bu o‘zbek tilida ishlashni osonlashtiradi va kontekstni to‘g‘riroq tushunish evaziga material sifatini oshiradi”, — dedi “We Digital"ning boshqaruvchi hamkori Denis Roman.

“Uzbek Expert” o‘zbek tili bilan ishlaydigan kontent yaratuvchilar uchun mo‘ljallangan. Chat-bot matnlarni kontekstni hisobga olgan holda tarjima qiladi. Ayniqsa “Google” va “Yandex” tarjimonlari yordam bera olmaydigan holatlarda asqotadi.

Mazkur chat-bot PDF fayllarni o‘qiy oladi hamda o‘zbek tilida keng lug‘at bazasiga ega. Shuningdek, rus va ingliz lug‘atlaridan foydalanish imkoniyati ham mavjud.

“Uzbek Expert"ga kirish uchun $20ga “ChatGPT-4"ga obuna bo‘lish talab etiladi.

“We Digital” matbuot xizmatining “Spot"ga aniqlik kiritishicha, agentlik uchun chat-botni ishga tushirish loyihasi notijorat maqsadlarda amalga oshirilgan.

Avvalroq O‘zbekiston sun’iy intellekt bo‘yicha mintaqaviy ekspert platformasi g‘oyasini ilgari surgani haqida xabar berilgandi.