8-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 15%ga oshgan. Bu ko‘rsatkichni yaqin yillarda $1 mlrddan ziyodga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shu maqsadda qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish, eksport-import yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va mahsulotlarni sertifikatlashtirish elektron tizimini joriy qilishga kelishildi.

Bundan tashqari, tomonlar yuk tashish uchun qulay sharoit yaratish, xalqaro avtomobilda tashuvchilarni tayyorlash, Janubiy Osiyo bozorlariga eltuvchi multimodal koridorlardan samarali foydalanishga kelishib oldi.

Keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi. Muzokaralarda davlat rahbarlari kooperatsiyaning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Bular qatorida qishloq xo‘jaligi, yengil, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati hamda farmatsevtika kabilar bor. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha alohida ishchi guruhlar shakllantiriladi.

Avvalroq xabar berilganiday, O‘zbekiston va Belarus hududlari ikkinchi forumi yakunlari bo‘yicha qiymati $1 mlrddan ziyod shartnoma va bitimlar imzolangandi.

Tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishga kelishishdi. Oliy va professional ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalarida sheriklikni rivojlantirish dasturlari qabul qilinadi.

Qabul qilingan qarorlar va imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni tayyorlash va qabul qilishga kelishildi.

2023-yilning sentabrida Minskda o‘tkazilgan biznes-forumda o‘zbek va belarus tadbirkorlari $92 mlnlik shartnomalar imzolagandi.