7-fevral kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ishlab chiqarilgan muqobil elektr energiyasini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash tartibi belgilanmoqda.

Unga ko‘ra, quvvati 300 kVt va undan yuqori bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanib, ishlab chiqariladigan energiyani tizimga ulash faqat mazkur manbalar maxsus vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin amalga oshiriladi.

Shuningdek, “Soliq kodeksi"ga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga asoslangan generatsiya obyektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlar, daromad sifatida hisobga olinmasligi belgilandi. Ya’ni ulardan foyda solig‘i olinmaydi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

2023-yilning mayida prezident qarori bilan “Yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy qilinib, gidroelektr stansiyalariga “yashil” sertifikat berilishi belgilangandi. Iyulda “O‘zbekgidroenergo” tarkibidagi GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi.

Oktabrga kelib, Hukumat qarori bilan “Yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi. “Yashil energiya” sertifikati birja savdolariga registrant tomonidan standart lotlar asosida sotuvga qo‘yiladi.

1-martdan texnik hujjatlarida yoki markirovkasida quyosh elementlarining sifat ko‘rsatkichlarini ifodalovchi “A”, “V”, “S” va “D” tegishli sinfi to‘g‘risidagi axborotlar mavjud bo‘lmagan quyosh panellarini chetdan olib kirish taqiqlanadi.