Qozog‘istonning “Qazaq Air” aviakompaniyasi Turkistondan Samarqandga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda Fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi matbuot xizmatiga tayanib, “Kazinform” agentligi xabar berdi.

Aviaqatnov joriy yilning 15-martidan Turkiston — Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha olib borilishi rejalashtirilmoqda.

Reyslar haftasiga ikki marta — juma hamda yakshanba kunlari De-Havilland Dash 8-Q400 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Parvozlarning ko‘payishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, biznes, sarmoyaviy va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etilgan.

2022-yil avgust oyida Qozog‘istonning “Air Astana”, “Qazaq Air” va “SCAT” aviakompaniyalari O‘zbekiston va Xitoy shaharlariga yangi yo‘nalishlarni ishga tushirish rejalarini e’lon qildi.

Fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Saltanat Tompiyeva Qozog‘iston tashuvchilariga parvozlar masalasini tezlashtirishda yordam berishga va’da berdi.

2023-yilning oktabrida “Silk Avia” aviakompaniyasi Samarqanddan Turkiston shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘ygandi.

Avvalroq Nukusdan Istanbulga parvozlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.