Avvalroq prezident tomonidan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi to‘g‘risidagi farmon qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, joriy yilning 1-martidan “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi joriy etiladi.

Dastur doirasida mahallalarda yoshlar yetakchilari tomonidan mahalla faollari ishtirokida IT va kompyuter dasturlash sohasiga qiziquvchi yoshlar aniqlanadi.

Undan keyin ularni xorijiy tillarga o‘qitish hamda sertifikatlar olishini tashkil etish orqali sertifikat olgan yoshlar ma’lumotlari Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimiga kiritib boriladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Bandlik vazirligi tomonidan maxsus axborot tizimiga kiritilgan yoshlarni IT-sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga yo‘naltirish va ishga joylashtirishga ko‘maklashish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, mazkur topshiriqning to‘liq, sifatli va “so‘zsiz bajarilishi” uchun mas’ullar etib O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilandi.

Bundan tashqari, hujjatda 1-martdan boshlab, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini yoshlarni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish maqsadlariga yo‘naltirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi qayd etilgan.

Ularni yangi kasblarga o‘qitish bo‘yicha “Ustoz” maxsus platformasi ishga tushiriladi. Dastlabki bosqichda mazkur platforma orqali 250 ming nafar yoshlar qamrab olinadi.

Yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn kabi kasblarga o‘rgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushiriladi. U orqali yosh xotin-qizlar uchun tanlov, loyihalar, o‘quv oromgohlari hamda stajirovkalar tashkil etiladi.

Prezident farmoni bilan IT-sohasidagi xotin-qizlarga ham Zulfiya mukofoti berilishi belgilandi. 1-martdan xalqaro IT-sertifikatlar xarajatlarini qoplab berish miqdori oshiriladi.

Bunda yoshlarga IT-sertifikat xarajatlarining 60%gacha qismi, agar ingliz tilidan sertifikat mavjud bo‘lsa, 100%i qoplab beriladi. Avvalroq davlat bu bo‘yicha to‘lovlar miqdorini oshirishga farmoyish bergandi.