“Qanot Sharq” aviakompaniyasi Chexiyaga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent-Praga-Toshkent yo‘nalishidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam parvozlar joriy yilning 18-aprelidan boshlanadi. Parvozlar haftada bir marta — payshanba kunlari amalga oshiriladi.

Quyida reyslar jadvali (har ikki aeroport uchun mahalliy vaqt bilan) keltirilgan:

  • Toshkentdan uchish — 10:30, Pragaga kelish — 14:30;
  • Pragadan jo‘nab ketish — 16:00, Toshkentga kelish — 01:00.

Bir tomonga chipta narxi 4 451 142 so‘mdan boshlanadi. Narxlar e’lon qilingan paytda amal qiladi.

“Qanot Sharq” aviakompaniyasi bosh direktori Moisey Pak mazkur yo‘nalishning ishga tushirilishi Yevropa shaharlariga yo‘nalishlarni ochish bo‘yicha rejaning birinchisi bo‘ldi. Dastlabki yil davomida 15 mingdan ortiq yo‘lovchi foydalanishi kutilmoqda.

Joriy yilning 18-fevralidan aviakompaniya Toshkent-Madina-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlarni boshladi.

Shuningdek, kompaniya Jiddaga parvozlarni Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Samarqand, fevral oyi boshidan boshlab Buxoro shaharlaridan amalga oshiradi.

Avvalroq 15-martdan Qozog‘istonning “Qazaq Air” aviakompaniyasi Turkistondan Samarqandga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.