Joriy yilning 1-aprelidan O‘zbekistonda QQS bo‘yicha ayrim imtiyozlar bekor qilinishi belgilangan.

2023-yilning dekabrida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandi. Hujjat bilan, ayrim xizmatlar qatorida issiqlik ta’minoti xizmatlariga ham QQSning nol stavkasi bekor qilindi.

“Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi matbuot xizmati bu bo‘yicha tushuntirish berdi.

Isitish tizimi va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun to‘lovni amalga oshirishda 12% qo‘shilgan qiymat solig‘i belgilangan tarifga qo‘shiladi. Ilgari bu xizmatlarni ko‘rsatishda tovar aylanmasi nol stavka bo‘yicha QQSga tortilardi.

Kompaniya QQS davlat budjetiga tushishini hamda issiqlik ta’minoti tarifining bir qismi hisoblanmasligini qayd etdi.

Shuningdek, “Veolia Energy” QQS avans (oldindan) to‘lovlarga ta’sir qilishini ta’kidladi. Biroq, bu 2024-yilning 1-aprelidan amal qiladi.

Bunda tarif qayta hisoblanmaydi. QQS tarifning bir qismi emas, balki soliq hisoblanadi. Shuning uchun apreldan boshlab issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun barcha to‘lovlar QQS bilan amalga oshiriladi.

Issiqlik energiyasini sotishda QQSni hisoblash Soliq kodeksining 242 va 265-moddalariga asosan amalga oshiriladi.

Avvalroq Toshkentda aholi uchun issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun tarif 1 Gkal uchun 105 754 so‘m etib belgilangandi.

2019-yildan buyon amaldagi tarif 91 960 so‘mni tashkil etgan. Yangi tariflar 2023−2024 kuz-qish isitish mavsumi yakunlangan kundan bir kun o‘tib kuchga kiradi.

Shu bilan birga, yuridik shaxslar va budjet tashkilotlari uchun 2023-yilning 2-dekabridan kuchga kirgan tariflar o‘zgarishsiz qoldi.

“Veolia Energy Tashkent” tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlarining tartibga solinadigan bazaviy tarifi gigakaloriyasi 664 465 so‘mni tashkil etadi.

1-apreldan chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun nol darajali stavka bo‘yicha soliq solinishi bekor qilinadi.