Hindistonning “Avantika Medex Pvt. Ltd.” kompaniyasi Jizzax viloyatida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona qurmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekistonning “Shifokor-82” kompaniyasi bilan viloyatning Zomin tumanida 11,5 gektar maydonda amalga oshirilayotgan qo‘shma korxonada 100dan ortiq turdagi dori-darmon vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Loyihani amalga oshirishga $30 mln miqdordagi mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Shundan $15 mlni xorijiy sarmoya hisoblanadi.

Korxonada tabletka, kapsula, ineksiya, gel va boshqa shakllardagi dori vositalari ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Bu yerda tayyorlanadigan mahsulotlarning 70%ini tashqi bozorga, qolgan 30%ini esa ichki bozorga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yilda farmatsevti sanoatida $87 mlnlik 57ta korxona ishga tushdi. Shunga qaramay ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish 18%ga ham yetmaydi.

Yanvar oyi boshida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, farmatsevtika sohasida yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun $600 mlngacha mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Prezident farmoni bilan dorilar va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi hamda sotuvchi tashkilotlar bu mahsulotlarning sifati va xavfsizligi uchun ham mas’ul etib belgilandi.