Qozog‘iston Energetika vazirligi xorijliklar uchun benzin va dizel yoqilg‘isi narxlarini o‘zgartirish bo‘yicha buyruq loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qayta ko‘rib chiqish “ichki bozorda yoqilg‘i balansini saqlash” va neft mahsulotlarining “kulrang” eksporti bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga qaratilgan. Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan avtomashina haydovchilari yoqilg‘ini bir xil narxlarda sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Xorijda ro‘yxatdan o‘tgan avtotransport vositalari uchun AI-92 va AI-93 benzinining narxi bir litri uchun 245 tenge (6 945 so‘m) etib belgilanishi rejalashtirilgan. Dizel yoqilg‘isi xorijliklarga bir litri 315 tengedan (8930 so‘m) sotiladi.

Hozir Qozog‘iston yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-92ning bir litri 205 tenge (~5800 so‘m) turadi. Bu Qirg‘izistondagidan 1,5 barobar, O‘zbekistondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobarga ko‘p. Dizel yoqilg‘isi narxi (295 tenge yoki ~8360 so‘m) Qirg‘izistonnikidan chorak baravar arzon.

Energetika vazirligi ta’kidlaganidek, mamlakatda neft mahsulotlari narxi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOI) boshqa mamlakatlariga qaraganda ancha past. Bu neft mahsulotlarining chiqib ketishi va “kulrang” yoqilg‘i eksportining yuqori xavfiga olib keladi, deydi rasmiylar.

Raqobat qo‘mitasi benzin import qiluvchilarning 7ta asosiy muammosini o‘rgangandi. Qayd etilishicha, tadbirkorlar sanksiyalar tufayli qimmat logistika va to‘lovlar qiyinligidan shikoyat qilgan.

Avvalroq mart oyida birjada AI-80 benzini yetkazib berish deyarli to‘rt baravarga kamaygani haqida xabar berilgandi.