Rossiyaning “Ozon” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston mahsulotlarining shourumlari tashkil etiladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 12-aprel kuni palata raisi Davron Vaxabov Moskvada elektron tijorat kompaniyasi boshqaruvchi direktori Sergey Belyakov bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekiston hududida elektron tijoratni rivojlantirish, palata hamkorligida tadbirkorlarni o‘qitish, yangi hamkorlarni jalb etish muhokama qilindi.

Shu bilan birga, platforma orqali o‘zbek mahsulotlarini sotish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davron Vaxabov “Ozon” vakillarini mamlakat tarmoq va sanoat uyushmalarining asosiy faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishtirib, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.

Tomonlar hamkorlikda ishni tashkil etgan holda “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostidagi shourumlarni ochishga kelishib oldi.

U orqali Rossiya bozorida qurilish materiallari, elektotexnika, to‘qimachilik mahsulotlarini namoyish etish rejalashtirilmoqda.

2023-yilning noyabridan “Ozon” O‘zbekistonda tovarlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishni yo‘lga qo‘ydi. Buyurtmani istalgan hududdan joylashtirish va uni hamkor yetkazib berish punktida yoki O‘zbekiston pochtasi bo‘limlarida qabul qilish mumkin.

2024-yildan marketpleys o‘zining logistika infratuzilmasini rivojlantirishni, omborlar va yetkazib berish xizmatlarini yaratishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Rossiya kompaniyasi Toshkentda ishbilarmonlik markazini qurishi haqida xabar berilgandi. “Stroyproyekt” loyihaga $10 mln miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya yo‘naltiradi.