Ommaviy axborot vositalarida Afg‘oniston 120 ming litrga yaqin neft mahsulotlarini sifati past bo‘lgani uchun O‘zbekistonga qaytarib yuborgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Bojxona qo‘mitasi bu mazmunida xabarlarga raddiya bilan chiqib, haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

Gap Rossiyadan Qozog‘iston va O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga yuborilgan 2ta temir yo‘l sisternalaridagi 120 tonna neft mahsulotlari haqida ketmoqda.

“Qaytarib yuborilgan neft mahsulotlari O‘zbekistonga tegishli tovar emas, mamlakat hududidan tranzit tarzida foydalangan”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Mazkur mahsulotlar Qozog‘istondan “Sariyog‘och” — “Chuqursoy” stansiyalari orqali O‘zbekistonga kirib kelgan.

Ushbu sisternalar 2024-yilning 7-fevral kuni Surxondaryo viloyati Ayritom stansiyasi orqali Afg‘onistonga chiqib ketgan.

Afg‘oniston tomoni ushbu yoqilg‘ini qaytarib yuborgani sababli sisternalar 6-aprel kuni “Ayritom” chegara bojxona posti orqali O‘zbekistonga kirib kelgan.

Fevral oyi oxirida “Xayraton — Mozori Sharif” temir yo‘l liniyasini rekonstruksiya qilish ishlari boshlangandi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” mazkur temir yo‘l liniyasini 50%lik chegirma bilan ta’mirlashi ma’lum bo‘lgandi.