Statistika agentligi joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda qancha avtomobil ishlab chiqarilganini ma’lum qildi.

Yanvar-mart oylarida ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar soni 84 739 donani tashkil etgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 58%ga ko‘pdir.

Eng ko‘p ishlab chiqarilgan model “Chevrolet Cobalt” bo‘ldi, mazkur avtomobil 28 356 dona (+60%) ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, 18 996 dona avtomobil bilan “Damas” ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rinda esa 12 025 dona avtomobil bilan “Tracker” turibdi.

Bu ro‘yxatdan joriy yilda “UzAuto Motors” ishlab chiqarishni to‘xtatgan “Lacetti-Gentra” ham joy oldi. O‘tgan uch oyda 8 811 dona avtomobil ishlab chiqarilgan.

Bundan tashqari,mazkur avtoulovlar qatorida “Onix” (8 338 dona), “KIA” (4 980 dona), “Chery” (2 990 dona), “Haval” (205 dona) hamda “Exeed” (38 dona) ham bor. Maxsus yengil avtomobillar soni 6 317 donani tashkil etgan.

2024-yilning 1-yanvar holatiga, jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan avtomobillar soni 4,02 mln donani tashkil etgan. Yengil avtomobillar soni 3,75 mln donaga (o‘sish 10,6%), yuk avtomobillari 240 ming donaga (+9,5%) yetdi.

Joriy yilning ikki oyida O‘zbekistonga 17 mingdan ortiq avtomobil olib kelindi. Jami avtomobillarning 70%dan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq “UzAuto Motors” “Damas” uchun kontraktatsiyani ochishi ma’lum qilingandi. Shartnoma berish 23-aprel kuni soat 10:00da boshlanadi.