21-may kuni O‘zbekistonning umumiy qiymati qariyb $1,5 mlrdga teng navbatdagi suveren obligatsiyalari birinchi marotaba 3ta valyutada xalqaro moliya bozorlarida joylashtirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, 3ta valyuta — AQSh dollarida 7 yillik, yevroda “Barqaror rivojlanish maqsadlari"ni moliyalashtirishga 3 yillik va milliy valyutada suveren obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinishi e’lon qilindi.

Kun davomida O‘zbekistonning suveren xalqaro obligatsiyalarini sotib olish uchun jami $5,5 mlrd miqdoridagi buyurtmalar kelib tushdi.

Shundan AQSh dollaridagi (7 yillik) obligatsiyalarga — $3 mlrd, yevrodagi (3 yillik) obligatsiyalarga — 2 mlrd yevro hamda so‘mdagi (3 yillik) obligatsiyalarga 4 trln so‘m taklif etilgan.

Qabul qilib olingan buyurtmalar natijasida quyidagilarga erishildi:

  • $600 mln miqdoridagi 7 yillik obligatsiyalar bo‘yicha — kupon stavkasi 6,9%;
  • 600 mln yevro miqdoridagi 3 yillik obligatsiyalar bo‘yicha — 5,375%;
  • 3 trln so‘m miqdoridagi 3 yillik obligatsiyalar bo‘yicha — 16,625%.

Yevrodagi suveren obligatsiyalar mamlakatning Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi.

Dastur doirasida mablag‘larni taqsimlash va loyihalarning barqaror rivojlanish maqsadlariga ta’siri bo‘yicha hisobotlari tayyorlanib, e’lon qilinadi.

Xalqaro obligatsiyalardan tushgan mablag‘lar budjet defitsini qoplash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Ichki moliya bozorlarida chiqarilgan 3 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foiz stavkasi 17,9%ni tashkil etadi.

2023-yilning oktabrida O‘zbekiston ilk bor London fond birjasida milliy valyutada “yashil” maqomiga ega 4,25 trln so‘mlik suveren obligatsiyalarni joylashtirgandi.