“UzAuto Motors” “Chevrolet Lacetti” avtomobillarini ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich to‘xtatmoqda. Bu haqda “O‘zavtosanoat” matbuot xizmatiga tayanib, “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi “General Motors Global” siyosati tufayli 2024-yilning yanvaridan “Gentra” (Lacetti) ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirgandi.

“O‘zavtosanoat"ning aniqlik kiritishicha, butlovchi qismlar ishlab chiqarish yanvardan to‘xtatilgan, biroq ular hali ham mavjud.

Shuning uchun “Lacetti” ishlab chiqarish davom etmoqda. Avtomobil ishlab chiqarish bosqichma-bosqich to‘xtatilmoqda, deya qo‘shimcha qilgan kompaniya.

“UzAuto Motors"ning “Lacetti-Gentra” avtomobillarini ishlab chiqarishni yakunlash bo‘yicha rejalari 2022-yilning dekabrida e’lon qilindi. O‘tgan yil oxirida 2024-yildan mazkur avtomobilni ishlab chiqarishni to‘xtatishi ma’lum bo‘ldi.

Shunga qaramay, dastlabki to‘rt oyda kompaniya 10 954 dona “Lacetti” ishlab chiqargan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb ikki baravar kam.

May oyi boshida kompaniya 4 500 dona “Lacetti” avtomobili uchun onlayn kontraktatsiyani ochdi. Undan keyin to‘lov qilinmagan shartnomalar uchun qayta kontraktatsiya ochilib, 21-may kuni 3 600 dona “Chevrolet Lacetti” uchun shartnoma tuzildi.